Plastik jarrohlikning yana bir qurboni – Aida Hasanova
Sport
−
25 may 2023
9922Shu yilning 23 may kuni O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi bosh hakami, mashhur sportchi Aida Hasanova 39 yoshida to‘satdan vafot etdi. Bu haqda O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda aytilishicha, sportchi kosmetologik operatsiya davomida noto‘g‘ri dori vositasi qo‘llanilishi oqibatida shokka tushgan. Biroz vaqt o‘tgach, u 16-shahar shifoxonasiga olib borilgan va o‘sha joyda vafot etgan.
Holat bo‘yicha Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov QALAMPIR.UZʼga ma’lumot berdi
Aniqlanishicha, 23 may kuni soat 14:00 da xususiy klinikada kosmetologik jarrohlik amaliyotini o‘tkazgan 39 yoshli Aida Hasanovaning sog‘lig‘i og‘irlashganligi sababli klinika shifokori tomonidan shifoxonaga yotqizilgan, biroq shifokorlar tomonidan bemorga o‘z vaqtida ko‘rsatilgan tez tibbiy muolajalariga qaramay, u shu kuni taxminan soat 18:30 larda shifoxonaning jonlantirish bo‘limida vafot etgan.
Marhumaning o‘limi kelib chiqish sabablarini aniqlash maqsadida sud tibbiyot ekspertizasi tayinlangan.
Hozirda Chilonzor tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Aida Hasanova 1983 yil 4 avgustda Toshkent shahrida tug‘ilgan.
U qilichbozlik bo‘yicha sport ustasi, 2001-2006 yillarda mamlakat chempionligini qo‘lga kiritgan. 2005 yilda Angliyada o‘tkazilgan xalqaro turnirda g‘olib bo‘lgan.
2014 yilda Aida O‘zbekiston tarixida birinchi bo‘lib uch qurol turi bo‘yicha xalqaro qilichbozlik hakami bo‘lgan. O‘sha yildan boshlab u Xalqaro qilichbozlik federatsiyasining hakami sifatida faoliyat yuritib kelayotgandi.
Aida Hasanova Tokio-2020 Olimpiada o‘yinlarining qilichbozlik sport turida hakam sifatida ishlagan birinchi markaziy osiyolik mutaxassis hisoblanadi. U dunyoning eng yaxshi besh nafar qilichbozlik hakamlaridan biri deb ham e’tirof etilgan.
“Aidadan qilichbozlik sport turi oilasiga yorqin xotiralar qoldi. Aida ushbu sport turini sevganlarning qalbida mangu barhayot”, deyiladi O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi xabarida.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 5 mart kuni “Mittivine” taxallusi bilan tanilgan bloger Farhod Mannopov 27 yoshida vafot etgan edi. U bir necha kun avval do‘stlari bilan basseynda suzayotgan vaqtida boshi va burnidan jarohat olgan. Shu sabab u burnini operatsiya qildirish maqsadida Toshkentning Chilonzor tumanida joylashgan "Star Med Center" xususiy klinikasiga murojaat qilgan. Bosh prokuratura holatga aloqador shaxslarni batafsil so‘roq qilish, qo‘p vaqt talab qilinadigan murakkab ekspertizalar tayinlash va boshqa bir qator tergov harakatlarini o‘tkazmasdan qonuniy to‘xtamga kelish imkoni yo‘qligi sababli Jinoyat kodeksining 116-moddasi (Kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.
Shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruv natijalariga ko‘ra, Mannopovning operatsiyasida ishtirok etgan anestiziolog va reanimatolog, plastik jarroh shifokori, laborant shifokorining malakaviy toifalari va sertifikatlari bo‘lmagani ma’lum bo‘lgan edi.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr