Hasanovaning o‘limi bo‘yicha Bosh prokuratura izoh berdi
3-sahifa
−
24 may 2023
47852Kecha, 23 may kuni O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi bosh hakami, mashhur sportchi Aida Hasanova kosmetologik operatsiya davomida noto‘g‘ri dori vositasi qo‘llanilishi oqibatida vafot etdi. Holat bo‘yicha Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov QALAMPIR.UZ'ga ma’lumot berdi.
Aniqlanishicha, shu yilning 23 may kuni soat 14:00 da xususiy klinikada kosmetologik jarrohlik amaliyotini o‘tkazgan 39 yoshli Aida Hasanovaning sog‘lig‘i og‘irlashganligi sababli klinika shifokori tomonidan shifoxonaga yotqizilgan, biroq shifoxona shifokorlari tomonidan bemorga o‘z vaqtida ko‘rsatilgan tez tibbiy muolajalariga qaramay, u shu kuni taxminan soat 18:30 larda shifoxonaning jonlantirish bo‘limida vafot etgan.
Marhumaning o‘limi kelib chiqish sabablarini aniqlash maqsadida sud tibbiyot ekspertizasi tayinlangan.
Hozirda Chilonzor tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Aida Hasanova 1983 yil 4 avgustda Toshkent shahrida tug‘ilgan.
U qilichbozlik bo‘yicha sport ustasi, 2001-2006 yillarda mamlakat chempionligini qo‘lga kiritgan. 2005 yilda Angliyada o‘tkazilgan xalqaro turnirda g‘olib bo‘lgan.
2014 yilda Aida O‘zbekiston tarixida birinchi bo‘lib uch qurol turi bo‘yicha xalqaro qilichbozlik hakami bo‘lgan. O‘sha yildan boshlab u Xalqaro qilichbozlik federatsiyasining hakami sifatida faoliyat yuritib kelayotgandi.
Aida Hasanova Tokio-2020 Olimpiada o‘yinlarining qilichbozlik sport turida hakam sifatida ishlagan birinchi markaziy osiyolik mutaxassis hisoblanadi. U dunyoning eng yaxshi besh nafar qilichbozlik hakami deb ham e’tirof etilgan.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr