O‘zbekistonlik kurashchilar xalqaro turnirda 3 ta medalni qo‘lga kiritdi

Sport

image

Joriy yilning 23–26 fevral kunlari Misrda sport kurashlari bo‘yicha xalqaro musobaqa bo‘lib o‘tdi. Turnirda o‘zbekistonlik sportchilar ham ishtirok etib, sovrindorlar qatoridan joy oldi. Bu haqda Milliy Olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekiston jamoasiga turnirdagi dastlabki medalni -125 kg vazn toifasida Hasanboy Rahimov keltirdi. Rahimov ilk bosqichda polshalik Kamil Kosyolekka mag‘lub bo‘ldi. Polyak kurashchisi finalgacha yetib borgach, o‘zbekistonlik sportchida bronza medali uchun imkoniyat paydo bo‘ldi va u bundan unumli foydalandi. Ahamiyatlisi, Rahimov o‘tish bosqichida ushbu vazndagi boshqa bir O‘zbekiston vakili Sardorbek Xolmatovni, bronza medali uchun kurashda esa xitoylik Benxin Duanni mag‘lub etishga muvaffaq bo‘ldi.

Turnir yakunida O‘zbekiston terma jamoasi 3 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi. Musobaqaning so‘nggi kunida o‘zbekistonlik kurashchilar 2 ta bronza medaliga sazovor bo‘ldi. -65 kg vazn toifasida yarim finalga yetib borgan Umidjon Jalolov ushbu bosqichda armanistonlik Vazgen Tevanyanga imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Biroq bronza medali uchun bahsda gruziyalik Edemi Bolkvadzedan ustun keldi.

Shuningdek, Tokio-2020 Olimpiadasi sovrindori Bekzod Abdurahmonov ham bronza medalga ega chiqdi. Abdurahmonov armanistonlik Arman Avagyanni mag‘lubiyatga uchratib, shohsupaning 3-pog‘onasidan joy oldi.


Maqola muallifi

Teglar

kurash Bekzod Abdurahmonov Hasanboy Rahimov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing