O‘zbekistonlik qizlar Turkiyadagi xorijlik kelinlar reytingiga kirdi
Jamiyat
−
24 fevral 7279 1 daqiqa
Turkiyada xorijlik kelinlar va kuyovlarning 2025 yilga oid statistikasi e’lon qilindi. Unda o‘zbekistonlik kelinlar 13,7 foiz ko‘rsatkich bilan suriyaliklardan so‘ng ikkinchi o‘rinni egalladi. Bu haqda Turkiya Statistika qo‘mitasi xabar berdi.
E’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yilda nikoh qurgan juftliklar soni 569 983 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, 2025 yilda 552 237 nafarga yetgan. Shundan chet el fuqarolari bilan tuzilgan nikohlar tahlil qilingan.
Unga ko‘ra, 2025 yilda chet ellik kuyovlar soni 5 347 nafarni tashkil etib, jami kuyovlarning 1 foiziga teng bo‘lgan. Chet ellik kelinlar esa 28 646 nafarni tashkil qilib, jami kelinlarning 5,2 foizini tashkil etgan.
Chet ellik kelinlar orasida 13,8 foiz bilan suriyaliklar yetakchi bo‘lgan. Ulardan keyingi o‘rinlarni 13,7 foiz bilan o‘zbekistonliklar va 9,6 foiz bilan marokashliklar egallagan.
2025 yilda 3 924 nafar o‘zbekistonlik ayol Turkiya fuqarolari bilan rasmiy oila qurgan. 2024 yilda 3 509 nafar o‘zbekistonlik ayol Turkiya fuqarolariga turmushga chiqqan va o‘shanda ham ular xorijlik kelinlar reytingida ikkinchi o‘rinni egallagan.

Fuqaroligiga ko‘ra chet ellik kuyovlar orasida 20,9 foiz bilan suriyaliklar birinchi o‘rinni qayd etgan. Ulardan keyin 18,8 foiz bilan germaniyaliklar, 5 foiz bilan afg‘onistonliklar joy olgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2019 yil davomida jami 1 550 nafar o‘zbekistonlik qiz Turkiya fuqarolariga turmushga chiqqani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi