O‘zbekistonlik ayol Yaponiyada yangi siyosiy partiya tuzdi

Olam

image

O‘zbekistonda tug‘ilgan Tokio shahri Setagaya tumani deputati Orzugul Boboxo‘jayeva Yaponiyada yangi siyosiy partiya tuzib, mamlakat siyosiy hayotidagi faoliyatini kengaytirishga qaror qildi. Bu haqda mahalliy “Yonhap” nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, kecha, 14 sentyabr kuni Yaponiyaning Tokio shahridagi mamlakat Matbuot markazida o‘tkazilgan matbuot anjumanida Orzugul Boboxo‘jayeva va Yaponiya fuqaroligini olgan Janubiy koreyalik Chon Je Uk yangi partiya tashkil etilganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, Orzugul partiya raisi, Chon Je Uk esa hamrais sifatida faoliyat yuritadi.

Ma’lum qilinishicha, yangi siyosiy kuch “Shinseyto” (新世黨, “Shinsey partiyasi”) deb nomlangan. Partiya nomi Chon Je Uk va Orzugulning asosiy faoliyat hududlari bo‘lgan Tokioning Shinjuku va Setagaya tumanlari nomlaridan olingan. “Shinseyto” xorijliklar ulushi yuqori bo‘lgan Shinjuku tumanini o‘z faoliyatining asosiy markazlaridan biriga aylantirishni rejalashtirmoqda.

Bildirilishicha, partiya tashabbuskorlari Yaponiyada xorijliklar soni qariyb 4 million nafarga yetgani, shu bilan birga jamiyatda xorijliklarga nisbatan xavotir va chet elliklarni siyosiy masala sifatida ko‘rsatishga qaratilgan kayfiyatlar kuchayib borayotganini ta’kidlagan.

Xususan, Orzugulning aytishicha, turli kelib chiqishga ega insonlar o‘z farqlari tufayli jamiyatdan chetda qolib ketmasligi kerak. U Yaponiyada xorijliklar va yaponlar birgalikda yashaydigan, o‘zaro hurmatga asoslangan jamiyat barpo etishni maqsad qilganini bildirgan.

Yangi partiyaga asos solganlarining ta’kidlashicha, Yaponiya fuqaroligini olgan ikki shaxs tomonidan siyosiy partiya tashkil etilishi mamlakat tarixida birinchi marta sodir bo‘lmoqda.

“Shinseyto” dastlab Shinjuku va Setagaya tumanlarida nomzodlar ko‘rsatishni rejalashtirmoqda. Chon Je Uk esa kelasi yil boshida bo‘lib o‘tadigan mahalliy saylovlarda Shinjuku tumani kengashi deputati bo‘lish uchun nomzodini qo‘yish niyatida ekanini ma’lum qilgan.

Partiya hamraisi Chon Je Ukning aytishicha, millat va kelib chiqishidan qat’i nazar, Yaponiya qonunlari hamda mahalliy jamoa qoidalariga rioya qilish, bir-birini hurmat qilish va xavfsiz yashash mumkin bo‘lgan jamiyatni barpo etish haqiqiy ko‘p madaniyatli hamjihatlikdir.

Ma’lumot uchun, Orzugul Boboxo‘jayeva 2007 yilda Yaponiyaga borgan. U 2023 yilda Tokioning Setagaya tumani kengashi saylovida mustaqil nomzod sifatida ishtirok etib, deputat etib saylangan va hozir ham tuman kengashi a’zosi hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Orzugul Boboxo‘jayeva 2023 yilda Yaponiyada deputatlikka saylangan birinchi o‘zbekistonliklardan biri sifatida tanilgan edi. O‘sha saylovda u Setagaya tumani assambleyasiga 6 771 ovoz bilan saylangani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing