O‘zbekistonga yana koronavirus qaytyaptimi?

Salomatlik

Koronavirus yoki COVID-19. Bu so‘z ommalashganiga 3 yil bo‘libdiki, hamon odamlar tilidan tushgani yo‘q. Keyingi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda bu holatga doir ko‘plab xabarlar tarqalmoqda. Xo‘sh, aslida vaziyat qanday? Haqiqatdan ham bu kasallikka chalingan bemorlar ko‘pmi? O‘zbekistonda pandemiya yana qaytadimi? QALAMPIR.UZ bu savollarga javob olish uchun soha mutaxassisiga yuzlandi.

Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Nurmat Otabekovning ma’lum qilishicha, O‘zbekistonda pandemiya boshlanganidan beri hozirga qadar 1637 ta o‘lim holati kuzatilgan. Unga ko‘ra, hozirda tarqalayotgan koronavirusdan o‘lim holatlari kuzatilayotgani, bu kasallik bemorlarda og‘ir kechayotgani haqidagi mish-mish xabarlar asosli emas.

“Yanvardan to shu bugunga qadar kasallik o‘z me’yoridan oshmagan. O‘rtacha har kuni 15-20 ta, ba’zi holatlarda esa 30 tagacha qayd etilyapti. Bularda ham faqat yengil holatda kechmoqda. Hozirga qadar O‘zbekistonda koronavirusdan halok bo‘lganlarning umumiy soni 1637 nafarligicha turibdi. Hozirda ham koronavirus yoshi katta, surunkali kasalligi bor, ikkilamchi kasalligi bilan kurashib kelayotgan shaxslarga ko‘proq asorat bermoqda”, deydi u.

Shuningdek, u ayni damda O‘zbekistonda koronavirusga qarshi 8 turdagi vaksina borligi hamda vaksina oluvchi ulardan birini tanlab, bepul emlanish huquqiga ega ekanligini aytdi. Emlash ixtiyoriy ekanligi, koronavirusga qarshi emlanmagan insonni ishga olmaslik haqida hech qanday talab yo‘qligini ta’kidladi.

“O‘zbekiston sharoitida aholi koronavirusga qarshi bepul emlanadi. U xoh o‘qituvchi bo‘lsin, xoh tibbiyot xodimi bo‘lsin, farqi yo‘q. O‘zbekistonda koronavirusga qarshi 8 turdagi vaksina bor va vaksina oluvchi ulardan birini tanlab, bepul emlanish huquqiga ega. Bu vaksinalarning 20 foizi koronavirusga qarshi xalqaro jamg‘arma hisobidan qoplangan bo‘lsa, qolgani davlat byudjetidan to‘langan. Vaziyat murakkab bo‘lgan paytda emlanmagan aholini ishga qo‘ymaslik haqida ko‘rsatma berilgani ham rost. Endilikda koronavirus bo‘yicha vaziyat barqaror. Shu sabab biz emlanishni ixtiyoriy amalga oshirish haqida to‘xtamga kelganmiz. Koronavirusga qarshi emlanmagan insonni ishga olmaslik, maktabda dars soati bermaslik talabi yo‘q”, deydi Nurmat Otabekov.

Bundan tashqari, u O‘zbekiston uchun hali noma’lum bo‘lgan kasallik agar mamlakat hududida tarqalsa, qanday choralar ko‘rilishi haqida ham to‘xtalib o‘tdi.

“Haqiqatdan koronavirus infeksiyasi kirib kelganida tibbiyot xizmati ham, sanitariya-epidemiologiya xizmati ham bu virus haqida ma’lumotga ega emas edi. Boshida tavakkalchilik qilindi. Nima qo‘limizga ilinsa, shu bilan davolashga urindik. Bu sir emas. Keyinchalik Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, xalqaro ekspertlari sa’y-harakatlari bilan infeksiyalarga qarshi kurashish uchun 10 ta bayonnomalar qabul qilindi. To‘g‘ri, O‘zbekistonga xos bo‘lmagan kasalliklar bor. Misol uchun, maymun chechagi, sariq isitma, ebola kabi kasalliklar, lekin biz bunga qarshi mutaxassislarimizni tayyorladik. O‘zbekistonda har qanday kasallik kirib kelganda, mutaxassislarni qo‘llarida qo‘llanma bor”, deydi Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Nurmat Otabekov.


Maqola muallifi

Teglar

koronavirus COVID-19

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made