O‘zbekistonga o‘lat xavf solyaptimi? Qo‘mita ma’lumot berdi
Jamiyat
−
19 avgust 2023
44664Joriy yilning 14 avgust kuni Xitoy va Mo‘g‘ulistonda dunyodagi eng dahshatli kasalliklardan biri bo‘lgan o‘lat aniqlandi. Xo‘sh, o‘zi bu kasallik nima va qanday yo‘llar bilan yuqadi? Kasallikning O‘zbekistonga kirib kelish xavfi qay darajada? Mazkur savollarga Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi javob berdi.
Mutaxassislarning fikricha, o‘lat – tabiiy o‘choqli zoonoz kasalliklar guruhiga mansub infeksiya bo‘lib, o‘ta xavfli yuqumli kasallik hisoblanadi. O‘lat odatda tabiiy o‘choqdagi kasallik mikrobini yuqtirib olgan kemiruvchilar orasida tarqaladi. Kasal kemiruvchidan o‘lat mikrobi sog‘lom kemiruvchiga burgalar va kanalar chaqishi orqali yuqadi. Kasallikni yovvoyi hayvonlar orasida keng tarqalishi epizootiya jarayoni deb ataladi.
Epizootiya kechayotgan hududlarda muntazam yashaydigan mahalliy aholi yoki mavsumiy ishlaydigan odamlarga kasallik burga va kanalar chaqishi orqali yuqadi. Bunda asosan o‘latning bubonli shakli (bubon – o‘lat mikrobi zararlagan va shishgan limfa tuguni) kuzatiladi. Bubon shaklidagi o‘lat hozirda 95-98 foizni tashkil qiladi. Kasallik vaqtida aniqlanib, zamonaviy davolash choralari o‘z vaqtida o‘tkazilganda, deyarli barcha hollarda kasallanganlar tuzalib ketadi. Butun insoniyat tarixida yuz bergan uchta o‘lat pandemiyasi yuzlab million odamlar hayotiga zomin bo‘lgan.
Agar o‘lat mikrobi havo orqali yuqsa o‘pka shakli, og‘izdan yuqsa oshqozon-ichak shaklida kechadi. Shaklidan qat’iy nazar vaqtida davolanmagan bemorlarda mikrobni qonda ko‘payishi orqali sepsis shaklida og‘ir kechib o‘limga sabab bo‘ladi.
Kasallik og‘ir intoksikatsiya sindromi, isitma, terining, limfa tugunlarining, o‘pkaning shikastlanishi, septik holat bilan tavsiflanadi. O‘zbekistonda mavjud tabiiy o‘choqlarda epiootiyalarni vaqtida aniqlab ularni epidemiyaga aylanib ketmasligini oldini olish bilan muntazam tizimli ravishda shug‘ullanadigan o‘latga qarshi tizim muassasalari mavjud bo‘lib, ular o‘choqlar faollashgan paytlarda kerakli profilaktik tadbirlar olib boriladi.
“Kasallikni havo yo‘llari va quruqlikdagi yo‘llar orqali chet ellardan kirib kelishini oldini olish maqsadida 50 dan ortiq chegara kesib o‘tish joylarida kechayu kunduz faoliyatdagi sanitariya-karantin punktlari tashkil etilgan. Yuqoridagilarni hisobga olib bizda hech qanday xavotirga o‘rin yo‘q”, deyiladi qo‘mita tomonidan berilgan ma’lumotda.