AQSHda o‘lat aniqlandi
Olam
−
24 iyul 2021
16009AQSHning Kolorado shtatida o‘lat aniqlandi. Ma’lum bo‘lishicha, 10 yoshli bola ushbu kasallik bilan bog‘liq asoratlar tufayli vafot etgan. Bu haqda WGN9 telekanali xabar bergan.
Ta’kidlanishicha, Sog‘liqni saqlash va atrof-muhitni muhofaza qilish departamenti tomonidan boshlangan laboratoriya tekshiruvi kasallikni aniqlashga yordam bergan. Yuqumli kasallik Koloradoning oltita okrugida hayvonlar va burgalarda aniqlangan.
O‘latga odam organizmiga kasallikni yuqtirgan burgalarning chaqishi yoki hayvonlar bilan bevosita aloqada bo‘lish orqali kirib boradigan bakteriyalar sabab bo‘ladi.
Shifokorlarning ta’kidlashicha, erta tashxisda odamlarni ham, uy hayvonlarini ham ushbu kasallikdan davolash mumkin. O‘lat bilan kasallanganda odamlarda isitma ko‘tariladi yoki limfa tugunlari shishadi.
Shifokorlar ehtiyot chorasi sifatida kemiruvchilardan saqlanishni maslahat bergan. Shuningdek, ular kasal uy hayvonlarini shoshilinch ravishda veterinarga ko‘rsatish lozimligini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, AQSHning Texas shtatidagi ikkita shifoxonada dori-darmonlarga chidamli Candida auris zamburug‘i kasalligi tarqalgandi va u to‘rt nafar bemorning o‘limiga sabab bo‘lgandi.
LiveBarchasi