O‘zbekistonga ta’lim vazirliklari kerakmi?

Jamiyat

image

Joriy yilning 20 mart kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Ta’lim vazirligini tugatish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Farmonga ko‘ra, endilikda bu vazirlik AQSHga kerak emas. Xo‘sh, O‘zbekistonga-chi? Bugun bir emas, ikkita ta’limga mas’ul vazirligi bor mamlakatga mazkur vazirliklar qanday naf keltiryapti? Bugun, 26 mart kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri birinchi o‘rinbosari Shohrux Daliyev bu savolga javob berdi.

“Avvalambor, vazirlik va idoralarning davlatda faoliyat yuritishi qonun bilan va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadi. Xususan, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi to‘g‘risida gap yuritadigan bo‘lsak, vazirlik sohada yagona davlat siyosatini olib boruvchi davlat organi hisoblanadi.

Oliy ta’lim muassasalarining faoliyatini tartibga solishda ham regulyator vazifasini bajaryapti. Endi bizda O‘zbekistonda Respublika Oliy ta’lim kengashi ham mavjud. Bu dunyo tajribasida ham bo‘lgan masala”, dedi u.

Uning aytishicha, Oliy ta’lim kengashi oliy ta’lim muassasalari bilan birgalikda ishlab, ularning takliflari va yangi tashabbuslarini amaliyotga joriy qilish bilan shug‘ullanadi.

“Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hozirgi kunda aniq oliy va kasbiy ta’lim sohasida faoliyat yuritib, umuman shu ta’lim tashkilotlarida bo‘layotgan barcha jarayonlarni muvofiqlashtirib kelyapti. Chunki, xabaringiz bor, Oliy ta’lim muassasalari uchta segmentga bo‘lindi. Birinchisi – davlat oliy ta’lim muassasalari, ikkinchisi – xorijiy oliy ta’lim muassasalari va ularning filiallari hamda nodavlat ta’lim tashkilotlari. Ularning uchalasi ham mustaqil faoliyat yuritishi mumkin, ammo bizning kun tartibimizdagi masala O‘zbekiston yoshlariga to‘g‘ri va sifatli ta’lim berish.  Shuning uchun ham bu vazirlik faoliyat yurityapti”, deya javob berdi Daliyev.

Ma’lumot uchun, dunyoning aksariyat mamlakatlarida ta’limni boshqarish uchun alohida Ta’lim vazirligi mavjud.

Shuningdek, Birlashgan Arab Amirliklarida (BAA) markaziy Ta’lim vazirligi mavjud bo‘lsa-da, ayrim amirliklar, masalan, Dubay ta’lim sohasida o‘z mustaqilligiga ega bo‘lib, mahalliy ta’lim boshqarmalari orqali ta’lim siyosatini boshqaradi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh O'zbekiston Donal'd Tramp Ta'lim vazirligi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing