O‘zbekiston va Qozog‘iston Prezidentlari ham Tansiqboyev ko‘rgazmasiga bordi
Jamiyat
−
29 mart
2070Bugun, 29 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Olmaota shahriga tashrifning madaniy dasturi doirasida Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev bilan birgalikda Abilxon Kasteyev nomidagi Milliy san’at muzeyiga bordi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, davlat rahbarlari xalq rassomlari – qozoq tasviriy san’ati asoschisi Abilxon Kasteyev va o‘zbek rangtasvir ustasi O‘rol Tansiqboyev asarlarini tomosha qilgan.
“Ko‘rgazma O‘zbekiston va Qozog‘iston boy badiiy merosining yorqin ifodasi, ikki qardosh xalq o‘rtasidagi mustahkam madaniy aloqalarning ramzi bo‘ldi”, deyiladi xabarda.
Shu bilan birgalikda, davlat rahbarlari san’at sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish, shu jumladan qo‘shma tadbirlar o‘tkazish, madaniy muloqotni rivojlantirishga xizmat qiladigan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash muhimligini ta’kidlashgan.
Ma’lumot uchun, O‘rol Tansiqboyev mashhur sovet, o‘zbek va qozoq rassomi hisoblanadi. U O‘zbekiston tasviriy san’atining asoschilaridan biri bo‘lib, SSSR xalq rassomi (1963) unvoniga sazovor bo‘lgan.
Ijodi va faoliyati davomida u 1923–1927 yillarda Toshkent san’at muzeyi qoshidagi studiyada Nikolay Rozanovdan ta’lim olgan. 1928–1929 yillarda Penza san’at bilim yurtida Ivan Goryushkin-Sorokopudovdan tahsil olgan. 1929 yildan boshlab turli ko‘rgazmalarda ishtirok eta boshlagan. Uning asarlari O‘zbekiston, Markaziy Osiyo va Qozog‘iston tabiati va odamlariga bag‘ishlangan.
U 1938 yilda birinchi qozoq baleti “Qalqaman va Mamir” (Qozog‘iston Davlat opera va balet teatri, Olmaota) sahna bezaklarini yaratgan. 1952–1954 yillarda Moskvadagi VDNX ko‘rgazmasida O‘zbekiston pavilonining devoriy panolarini chizgan. Manzara va monumental tasviriy san’at janrida mashhur kartinalar muallifi.
Tansiqboyev o‘zbek san’atining rivojiga katta hissa qo‘shgan va uning ijodi bugungi kunda ham qadrlanadi.
Eslatib o‘tamiz, 18 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi – Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva ham O‘rol Tansiqboyevning mazkur retrospektiv ko‘rgazmasi ochilish marosimida ishtirok etgandi.
LiveBarchasi