O‘zbekistonga koronavirusga qarshi kurash tajribasi bor turkiyalik mutaxassislar keldi

Jamiyat

image

O‘zbekistonga koronavirusga qarshi kurashda ko‘maklashish uchun Turkiyadan mutaxassislar keldi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Ikki davlat Sog‘liqni saqlash vazirliklari o‘rtasida koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash borasida erishilgan kelishuvlarga asosan yurtimizdagi COVID-19 ga qarshi kurash markaziy shtabiga koronavirus infeksiyasi tarqalishini oldini olish bo‘yicha konsultantlari sifatida turk mutaxassislari tashrif buyurdilar.

Ular orasida Turkiyaning Medipol universiteti ilmiy kengashi a’zosi, yuqumli kasalliklar bo‘yicha mutaxassis, professor Rejep Oztyurk, Xasettepe universiteti ilmiy kengashi a’zosi, jamoatchilik salomatligi bo‘yicha mutaxassis, professor Levent Akin va Anqara shahar shifoxonasining yuqumli kasalliklar bo‘yicha mutaxassisi, professor Xatitse Raxmet Gyuner bor.

Uchrashuv ishtirokchilari yangi koronavirus infeksiyasini profilaktikasi va davolashning amaliy jihatlari, ushbu sohadagi hamkorlikning holati va istiqbollarini muhokama qilishdi.

Turkiya mutaxassislari bilan sog‘liqni saqlash sohasida keng hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani ta’kidlandi. Bunda ta’lim sohasidan tortib, ixtisoslashgan tibbiyot muassasalari o‘rtasidagi tajriba almashuv, murakkab jarrohlik amaliyotlarini birgalikda o‘tkazish, tibbiy jihozlar bilan ta’minlashgacha  yo‘nalishlar qamrab olingan.

Tomonlar turli yoshdagi bemorlarda COVID-19 kasalligi, yangi turdagi koronavirus infeksiyasining xarakterli belgilari, ushbu kasallikning o‘ziga xos belgilari, diagnostika usullari, davolash protokollari, sog‘aygan bemorlarni kuzatish va boshqa mavzularni muhokama qildilar. Reanimatsiya bo‘limlarida o‘ta og‘ir bemorlarni davolashning so‘nggi usullariga alohida e’tibor qaratilayotgani aytildi.

Tashrif davomida turk mutaxassislari tibbiyot muassasalari, jumladan birlamchi tibbiyot muassasalari va Toshkent viloyati Zangiota tumanida barpo etilgan ko‘p tarmoqli maxsus shifoxona ish faoliyati, kasallangan bemorlarni davolash bayonlari, yurtimizda koronavirus infeksiyasining tarqalishi bilan bog‘liq bo‘lgan epidemiologik vaziyatni batafsil o‘rganib chiqadilar, ilmiy-amaliy tadbirlarda ishtirok etadilar hamda yurtimizning turli hududlarida davolanayotgan ahvoli o‘ta og‘ir bemorlarning holatini yaxshilash maqsadida onlayn videokonferensiyalar o‘tkazadilar. 

Shuningdek, Turkiya Respublikasining COVID-19ga qarshi kurashda ijobiy tajribalarini O‘zbekistonda qo‘llash imkoniyati ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan.

Avvalroq, O‘zbekistonda koronavirusga qarshi kurashda ko‘maklashish uchun Janubiy Koreyadan mutaxassislar kelgandi. Keyinroq esa birinchi guruh o‘z o‘rnini ikkinchi guruhga bo‘shatgandi.

Ma’lumot uchun, Turkiyada ham koronavirus ma’lum vaqtda judayam avj oldi. Ammo mamlakatda 2,5 oylik qattiq karantin rejimidan keyin vaziyat o‘nglana boshladi. Bugungacha Turkiyada 223 315 kishida koronavirus aniqlandi. Ularning 5 563 nafari vafot etdi va 206 365 nafari sog‘aydi.


Maqola muallifi

Teglar

Koronavirus O'zbekistonda

Baholaganlar

129

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing