O‘zbekistonga kiritilgan xorijiy sarmoya 1,07 milliard AQSH dollariga yetgan – Safoyev
Jamiyat
−
24 avgust 2019
5570Xabaringiz bor, kecha, 23 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 21-yalpi majlisi o‘z ishini boshladi. Yalpi Majlis bugun, 24 avgust kuni davom etmoqda.
Ma’lumki, Shavkat Mirziyoyev mamlakat rahbari o‘laroq ish boshlagan ilk kunlardan davlatda investitsion muhitni yaxshilash, ichki va eng avvalo tashqi sarmoyadolarga sharoit yaratish, ularga eshiklarni ochish masalasiga e’tibor qaratdi. Investor bilan ishlashni davlat idoralarining birinchi vazifasiga aylantirdi. Biroq, vaziyatni birdaniga o‘zgartirib yuborish oson ish emas. Ustiga ustak ko‘p yillar O‘zbekiston investorlarning ishonchini oqlamay kelgan. Senat yalpi majlisida Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev so‘zga chiqib, O‘zbekistondagi investitsion muhitga to‘xtaldi. Vaziyatni xorijiy tajriba bilan taqqosladi.
“Senatning avvalgi yalpi majlisda Vazirlar Mahkamasi tomonidan amalga oshirilgan ishlarni ko‘rib chiqish chog‘ida biz asosiy urg‘uni ijtimoiy siyosat masalalariga qaratgan edik. Bu gal biz e’tiboringizni Vatanimiz taqdiri uchun strategik ahamiyatga ega masala – hududlarga investitsiyalarni jalb qilish masalalariga qaratmoqchimiz. Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, investitsiya – bu iqtisodiyotning yuragi.
Sarmoya bilan birga tarmoqlarga, hududlarga yangi texnologiyalar, ilg‘or tajribalar, yuksak malakali mutaxassislar kirib keladi, tadbirkorlik rivojlanadi, ish o‘rinlari yaratiladi, eksport ortadi.
Ushbu masalani tayyorlash jarayonida Senat a’zolari, turli soha ekspertlaridan iborat maxsus ishchi guruhi viloyatlarga safarlari uyushtirildi. Iqtisodiyot va sanoat, investitsiya va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiyot universiteti bilan birgalikda to‘rtta yirik xalqaro anjuman o‘tkazildi. Men shuni aytmoqchimanki, qarorda, ma’lumotlarda berilgan fikrlar – bu kabinetda ishlab chiqilgan nazariy masala emas. Bu bevosita muloqot: xalq bilan, ishbilarmonlar bilan, xorijiy sarmoyadorlar bilan muloqot asosida yaratilgan hujjatdir.
Jahon Bankining ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilda global o‘sish 2,06 foizni tashkil qilib, kutilgan ko‘rsatkichdan 0,03 foizga kamroq. Mutaxassislar kelgusi uch yilda rivojlangan mamlakatlarda investitsiyalarning o‘sishi sekinlashadi, degan xulosaga kelmoqdalar. Bu xulosa biz uchun muhim. Umuman olganda, o‘tgan yilda dunyoda to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar 19 foizga tushdi va 1,02 trillion AQSH dollarini tashkil etdi. Bejiz emaski, bugungi kunda sarmoyalarni jalb qilish uchun sayyoramizda ayovsiz raqobat ketmoqda. BMTning ma’lumotlariga ko‘ra, eng yirik hajmda investitsiyalarni tashqariga yo‘naltiruvchi, ya’ni eksport qiluvchi mamlakatlar 10 taligiga Yaponiya, Xitoy, Buyuk Britaniya, Germaniya, Gonkong, Kanada, Singapur, Fransiya, Ispaniya kiradi. Eng ko‘p investitsiya qabul qiladigan o‘ntalikka esa AQSH, Xitoy, Gonkong, Singapur, Buyuk Britaniya, Braziliya, Gollandiya, Avstraliya, Hindiston, Germaniya kiradi.
E’tibor qiling, bularning barchasi iqtisodiy rivojlangan, boy, ishbilarmonlik muhiti va inson kapitali yuqori bo‘lgan davlatlar. Kimga investitsiya kirib kelyapti? Mana shunga e’tibor berishimiz va o‘zimizga xulosa qilishimiz kerak”.
Sodiq Safoyev so‘zida davom etar ekan, O‘zbekistondagi yalpi ichki mahsulot ko‘rsatkichi jahondagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan ancha balandligini qayd etdi.
“Ichki va tashqi salbiy omillarga qaramasdan makro iqtisodiy ko‘rsatkichlar muttasil o‘sishi ta’minlanmoqda. Real yalpi ichki mahsulot yilning ikkinchi yarmida qariyb 6 foizga o‘sdi va jahonda qayd etilgan o‘rtacha ko‘rsatkichlardan ancha balandroq. Buning zamirida birinchi navbatda joriy yilda o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,06 baravar ko‘proq investitsiya o‘zlashtirilgani, xorijiy sarmoyalar 2,07 marotaba oshib, 1,07 milliard AQSH dollariga yetganligi, xalqaro moliya institutlari mablag‘lari jalb etilishi 3,07 baravar o‘sganligi sabab bo‘lmoqda. O‘zlashtirilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy sarmoyalarning qariyb 75 foizi aynan hududiy dasturlarga to‘g‘ri kelmoqda”, deydi Safoyev.
LiveBarchasi