O‘zbekistonga kirish va chiqish butkul taqiqlandi
Jamiyat
−
15 mart 2020
2474216 martdan e’tiboran O‘zbekiston barcha mamlakatlar bilan aviaqatnovlarni to‘xtatadi. Bu haqda bugun, 15 mart kuni Vazirlar Mahkamasida o‘tgan O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasi yig‘ilishida ma’lum qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripovning qayd etishicha, 16 martdan boshlab barcha mamlakatlar fuqarolarining O‘zbekistonga kirishi taqiqlanadi. Shuningdek, O‘zbekiston fuqarolarining xorijga chiqishiga ham taqiqlar joriy etiladi.
Mazkur taqiqlar avtobus orqali kirish-chiqishga ham tegishli. Bosh vazirning ma’lum qilishicha, temir yo‘l transporti orqali yo‘lovchilarni tashishga hozircha taqiq qo‘yilmagan. Ularga 3 kun muhlat berilgan. Mamlakat tashqarisidagi barcha poyezdlar kirib kelgach, ushbu taqiq temir yo‘lga ham joriy etiladi.
Bundan tashqari, xorijiy mamlakatlarda bo‘lib turgan o‘zbekistonliklarni istagiga ko‘ra olib kelish choralari ko‘riladi, buning uchun maxsus charter reyslar joriy etiladi. Xorijiy mamlakatlardan kelgan fuqarolar o‘sha zahoti karantinga olinadi.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 15 mart kuni soat 06:00 da O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq ilk holat qayd etildi. Ushbu virusni yuqtirib olgan fuqaro joriy yilning 11 mart kuni Fransiyaning Parij shahridan qaytgan. Virus bilan og‘rigan o‘zbekistonlik ayol oliy toifali shifokor bo‘lgan.
Hurmatli fuqarolar, koronavirus bilan bog‘liq vaziyat sabab vahima ko‘tarishga asos yo‘q. Virusni yuqtirib olmaslik uchun sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qiling.