O‘zbekistonga kelayotgan qancha odamda koronavirus aniqlangani aytildi
Jamiyat
−
03 yanvar 2021
15225So‘nggi bir haftada O‘zbekistonga dunyoning 12 davlatidan 12 mingdan ziyod yo‘lovchi kirib kelgan bo‘lsa, shulardan 21 nafarida koronavirus infeksiyasi aniqlangan. Bu haqda “Uzbekistan Airports” xabar berdi.
Kompaniya 2020 yil 25 dekabrdan boshlab, O‘zbekiston Respublikasiga koronavirus kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining 55-sonli bayoniga muvofiq, mamlakatga kirib kelayotgan barcha shaxslarning o‘z hisobidan chegara punkti hududida koronavirus antigenini aniqlash uchun ekspress test olish tartibi joriy qilinganini eslatgan.
Ma’lum qilinishicha, Toshkent xalqaro aeroportida ekspress test olish jarayonlarini ikki tomonlama imzolangan shartnomaga asosan “Tibbiyot dunyosi” MCHJ amalga oshirmoqda. Ekspress test narxlari mazkur tashkilot o‘rnatgan ta’riflarga binoan 25-28 dekabrga qadar 150 ming so‘mdan, 28 dekabrdan to bugungacha 95 ming so‘m, talabar uchun 50 ming so‘m miqdorida belgilangan.
“Maxsus komissiya ko‘rsatmasiga ko‘ra, aeroportdan uchib ketish vaqtida PZR testi olinadi, O‘zbekistonga uchib kelinganda ekspress test olinadi. Tahlil natijalari 10 daqiqa mobaynida pasportlarga shtrix kodlarini qo‘yish orqali ma’lum qilinadi”, deyiladi kompaniya xabarida.
Virus aniqlangan holatda SES mutaxassislari tomonidan fuqarolar tegishli hududda joylashgan koronavirus infeksiyasini davolashga ixtisoslashgan muassasalarga joylashtiriladi yoki uy sharoitida davolanishga yo‘naltiriladi.
Shuningdek, O‘zbekistonga koronavirus va yangi shtammining kirib kelishi hamda tarqalishining oldini olish yuzasidan ko‘rilayotgan ushbu chora-tadbirlarda PZR-testining manfiy natijasi to‘g‘risida yo‘lovchilarda tahlil natijalari mavjudligidan qat’iy nazar ulardan tegishli tartibda majburiy ekspress test olinishi belgilab qo‘yildi.
Ko‘p o‘rinli samolyotlar (jumladan 260 o‘rinli havo kemasi)dagi yo‘lovchilarni kutib olishda tirbandlikning oldini olish maqsadida yo‘lovchilar oqimini terminalning 3 ta joyidagi test olish tibbiyot qismlariga yo‘naltirish tashkil qilingan.
Fuqarolarning parvozdan bir necha kun avvaldan PZR-testini topshirish bo‘yicha buyurtma berishlari ham mumkin.
Qayd etilishicha, aeroportning birgina uchib kelish zalida 4 ta bankomat va 2 ta valyuta ayirboshlash shaxobchalari mavjud bo‘lib, ularning muntazam faoliyat olib borishi ta’minlangani sabab, pul ayirboshlashda muammo kuzatilmaydi.
LiveBarchasi