O‘zbekistonga gaz yetkazish uzilgani ortidan “Turkmangaz”ning olti mansabdori hibsga olindi
Olam
−
07 fevral 2023
34526Turkmanistondagi eng yirik “Galkinish” konida sodir bo‘lgan avariya va O‘zbekistonga gaz yetkazib berish jarayonining to‘xtab qolgani ortidan “Turkmangaz”ning olti nafar mansabdori hibsga olindi. Bu haqda “Turkmen.news” xabar berdi.
Qayd etilishicha, “Turkmangaz” davlat konsernida olti kishi, jumladan, Moddiy-texnika resurslari va asbob-uskunalar boshqarmasi rahbari Shohrat Ajdarov va “Turkmangazakdirish” uyushmasi (“Turkmentransgaz”) rahbari vazifasini bajaruvchi Shohrat Chopanov hibsga olingan.
Ular “Galkinish” gaz konida yuz bergan avariya va O‘zbekistonga gaz yonilg‘i yetkazib berishning to‘xtab qolishi uchun mansabdor shaxslar aybdor deb topilmoqda.
Turkmen.news’ning mamlakat hukumatidagi manbasiga ko‘ra, “Turkmangaz” rahbari Botir Amanov va uning o‘rinbosari Otamurod Charev hozirgacha jazodan qutulishga muvaffaq bo‘lgan. Ammo aynan ular “Turkmangaz” faoliyatidagi muvaffaqiyatsizlik va xalqaro bozordagi mavqeini yo‘qotgan asosiy aybdorlar hisoblanishi ma’lum qilingan.
Bosh prokuratura tekshiruvi shuni ko‘rsatdiki, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, “Galkinish” konidan O‘zbekistonga gaz yetkazib berish majburiy to‘xtatilgani ortidan olti kun davomida yetkazilgan zarar miqdori 59,7 million dollarni tashkil qilgan.
Bundan tashqari, Turkmanistonni Xitoyga gaz yetkazib bermagani uchun jarima kutmoqda.
“Xitoy bundan iqtisodiy rejalarini amalga oshirish uchun foydalanadi. Xususan, Xitoy konni yanada rivojlantirishga, ya’ni quduqlarni burg‘ulash va gaz tozalash inshootlarini qurishga allaqachon e’tibor qaratgan. Katta ehtimol bilan ular ushbu shartnomalarni olishlari mumkin. Bunday ssenariyda Turkmaniston kelgusi o‘n yillar davomida Xitoyga o‘z gazini arzon narxlarda berishi kerak bo‘ladi”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, “Galkinish” konida avariya joriy yilning yanvar oyida bo‘lib o‘tgan anomal sovuqning eng yuqori cho‘qqisida, past sifatli quritish datchiklari ishlamay qolganda sodir bo‘lgan edi. Buning oqibatida 12 yanvar kuni Turkmaniston O‘zbekistonga gaz yetkazib berishni to‘xtatgan edi. Shundan so‘ng, 21 yanvardan boshlab, Turkmaniston O‘zbekistonga gaz eksportini tiklab, 4,8 mln kub metr gaz yetkazib bergan edi.
Shuningdek, joriy yilning 4 fevral kuni Turkmaniston Prezidentining farmoni bilan Turkmaniston O‘zbekistonga do‘stona va birodarlikni qo‘llab-quvvatlash maqsadida bepul suyultirilgan gaz berishi haqida xabar berilgan edi.
LiveBarchasi