O‘zbekistonga aroq olib kirishni g‘ayrioddiy yo‘lini topganlar ushlandi
3-sahifa
−
24 mart 2023
23717Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumanida 48 dona plastik idishda, jami 72 litr aroqni noqonuniy tarzda mamlakatga olib kirilgani aniqlandi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qo‘mitasi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasining Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan ichki Ishlar vazirligi va temir yo‘l idoralari vakillari bilan hamkorlikda To‘rtko‘l tumanida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda mamlakat hududida tranzit tarzida harakatlanayotgan “Xo‘jand-Volgograd” yo‘nalishidagi poyezd yo‘lovchilaridan biri yonidagi 48 dona plastik idishda, jami 72 litr aroqni vagondan tashqariga uloqtirib yuborgani fosh qilingan.
Rejaga ko‘ra, aroq Volgogradga yetib borish uchun mo‘ljallanmagan, aksincha, mo‘may daromad evaziga O‘zbekiston hududida tushirib qoldirilishi va sheriklar aroqlarni uloqtirilgan joydan olib ketishi ko‘zlangan.
Shuningdek, tezkor kuzatuvga olingan ushbu yo‘lovchi poyezdi “Raushan” va “Kunxo‘ja” temir yo‘l bekatlari oralig‘ida kimsasiz cho‘l bo‘ylab harakatlanayotganda poyezd kuzatuvchilari tomonidan kutilmaganda favqulodda to‘xtash tugmasi orqali to‘satdan to‘xtatilgan. Aslida hech qanday favqulodda holat sodir bo‘lmagan. Atrofda hech kim yo‘qligiga ishonch hosil qilgan vagon kuzatuvchilaridan biri 150 dona plastmassa idishdagi 225 litr hajmdagi aroqlarni respublika hududiga tushirib qoldirish uchun poyezdni ataylab to‘xtatgan. Ushbu shaxs aroqlarni vagondan tushirayotganda tezkor xodimlar tomonidan qo‘lga olingan.
“Qoraqalpog‘iston” temir yo‘l chegara bojxona postida aniqlangan holatda esa, yo‘lovchilardan biri yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida va bojxona xodimlarining og‘zaki so‘rovida ma’lum qilinmagan har biri 1 litrlik 40 shisha viskini o‘rindiq ostiga, shuningdek, ko‘rpa va yostiq jildlari ichiga yashirgani aniqlangan.
Ma’lumot uchun, Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan 2022 yilda va 2023 yilning o‘tgan davri mobaynida aniqlangan jami 70 ta bojxona qonunbuzilishi holatlarida qiymati 1mlrd 164 million so‘mlik spirt va alkogolli ichimliklarning noqonuniy olib o‘tilishi va yashirin aylanmasiga chek qo‘yilgan.