O‘zbekistonga Afg‘onistondan 46 ta harbiy samolyot va vertolyot o‘tgani ma’lum bo‘ldi
Jamiyat
−
16 avgust 2021
34745Joriy yilning 14-15 avgust kunlari O‘zbekiston Respublikasining havo hududi chegarasidan 22 ta harbiy samolyot hamda 24 ta harbiy vertolyot noqonuniy o‘tdi. Ularning ichida jami 585 nafar qurollangan harbiy xizmatchilar bo‘lgan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Afg‘oniston Islom Respublikasiga tegishli ushbu samolyot va vertolyotlar majburiy ravishda Termiz xalqaro aeroportiga qo‘ndirilgan.
Bundan tashqari, kecha, 15 avgust kuni Qarshi shahridagi “Xonobod” aeroportiga qo‘nish uchun ruxsat so‘ragan Afg‘oniston Islom Respublikasining 3 ta “EMBRAYER-314” rusumli harbiy samolyoti Termiz aeroportiga qo‘nish to‘g‘risida ogohlantirilgan. Shu bilan birga, ular O‘zbekiston Respublikasining 2 ta “MIG-29” rusumli harbiy samolyoti kuzatuviga olingan.
“Lekin, kuzatuv davomida “EMBRAYER-314” va “MIG-29” rusumli samolyotlar to‘qnashib, Surxondaryo viloyatining Sherobod tumani hududiga qulagan. Ushbu samolyotlar uchuvchilari parashyut (katapult) orqali yerga tushishgan”, deyiladi prokuratura xabarida.
Shu kuni 158 nafar afg‘on fuqarolari va qurollangan harbiy xizmatchilari daryo orqali Termiz tumani hududiga O‘zbekiston Respublikasi chegarasidan qonunga xilof ravishda o‘tgan.
Xabarga ko‘ra, mazkur holatlar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan Jinoyat kodeksining 223-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda Bosh prokuratura tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Qayd etish kerakki, Afg‘oniston Islom Respublikasi endi yo‘q. Joriy yilning 15 avgust kuni hokimiyat “Tolibon” harakati nazoratiga o‘tdi. Ular esa bir vaqtlar mavjud bo‘lgan Afg‘oniston Islom Amirligini qayta tuzmoqchi. Prezident Ashraf G‘ani iste’fo berganini hamda mamlakatni tark etganini ma’lum qildi.
Uning hozir qayerda ekani ma’lum emas. Bu borada turli tomondan har xil xabarlar kelmoqda. Shu vaqtga qadar sobiq Prezident G‘anining Tojikiston, Omon va O‘zbekistonda bo‘lib turgani haqida axborot paydo bo‘ldi. Biroq, yakunda ularning hech biri o‘z tasdig‘ini topmadi. Katta ehtimol bilan u AQSHdan boshpana olmoqchi.
LiveBarchasi