O‘zbekistonga 10 oy davomida qancha pul kirib, qancha pul chiqib ketdi?
Jamiyat
−
30 noyabr
8991Joriy yilning yanvar-oktyabr oylari davomida O‘zbekistonga kelib tushgan pul o‘tkazmalari 12,6 mlrd dollarni, chet elga yuborilgan pul o‘tkazmalari hajmi esa 2,3 mlrd dollarni tashkil qildi. Bu haqda Markaziy bank hisobot e’lon qildi.
Qayd etilishicha, mablag‘larning 78 foizi Rossiyadan (9,8 mlrd dollar) kelib tushgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mazkur davriga nisbatan 35 foizga oshgan. Mazkur transferlarning qolgan qismi Qozog‘iston (699 mln dollar), AQSH (470 mln dollar), Janubiy Koreya (458 mln dollar), Turkiya (331 mln dollar), Buyuk Britaniya (109 mln dollar) va boshqa mamlakatlardan o‘tkazilgan.
“2024 yilning o‘tgan davri mobaynida O‘zbekistonga xalqaro pul o‘tkazmalari hajmida kuzatilgan o‘sish trendi asosan mehnat muhojirlarini qabul qiluvchi asosiy hamkor mamlakatlarda iqtisodiy faollik va ish haqi miqdorining oshishi hamda rivojlangan mamlakatlarga mehnat migratsiyasi oqimi ko‘lamining ko‘payishi bilan izohlanadi”, deyiladi hisobotda.
Internet platformalaridagi ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiyada mehnat muhojirlari faoliyat yuritadigan asosiy sohalarda taklif qilinayotgan ish haqi miqdori o‘rtacha 38 foizga oshgan. Jumladan, ish haqi miqdori qurilish sohasida 55 foiz, yetkazib berishda 48 foiz, taksi va restoran xizmatlarida 46 foiz hamda yuk tashish sohasida 14 foizgacha ko‘paygan.
Shu bilan birga, O‘zbekiston migratsiya agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yil boshidan ishlash istagida bo‘lgan 113 ming nafardan ziyod fuqarolar, asosan, rivojlangan mamlakatlarga rasmiy, xavfsiz hamda uyushgan holda ishga yuborilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3,6 barobarga oshgan.
Mazkur holat O‘zbekistonga xorijdan jo‘natilgan xalqaro pul o‘tkazmalari hajmida ham namoyon bo‘lmoqda. Xususan, joriy yilning yanvar-oktyabr oylari davomida kelib tushgan transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan AQSHdan 37 foizga, Janubiy Koreyadan 71 foizga, Buyuk Britaniyadan 76 foizga hamda Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridan 41 foizga o‘sish kuzatilgan.
Shuningdek, joriy yilning yanvar-oktyabr oylari davomida O‘zbekistondan chet elga yuborilgan pul o‘tkazmalari hajmi 2,3 mlrd dollarni tashkil qildi.
LiveBarchasi