O‘zbekistondagi pulli yo‘llarda 150 km/soat tezlikka ruxsat beriladi
Jamiyat
−
11 Oktabr 7125 2 daqiqa
O‘zbekistondagi pulli yo‘llarda 150 km/soatgacha tezlikda yurishga ruxsat beriladi. Bu haqda Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining bosh huquqiy maslahatchisi Hasan Umarov Oliy Majlis Qonunchilik palatasining “Parlament FM” podkastida so‘z ochdi.
Hasan Umarovning so‘zlariga ko‘ra, pulli yo‘l tashkil etish uchun asosiy talablardan bittasi muqobil yo‘l bo‘lishi kerak, ya’ni bepul harakatlanish uchun muqobil yo‘l bo‘lishi lozim. Shuningdek, pulli yo‘l katta tezlikda harakatlanish imkonini hamda yuqori servis xizmatlarini berishi kerak.
“Umumiy foydalanishdagi bepul yo‘llarimizda 90 km/soat bo‘lsa, pulli yo‘llarda bu 150 km/soatgacha mumkin bo‘ladi. Qonun (“Avtomobillar yo‘llari to‘g‘risidagi”) chiqqanidan keyin yo‘l harakati qoidalariga ham qo‘shimchalar kiritiladi”, deydi u.
Bundan tashqari, Hasan Umarov pulli yo‘llar sababli oddiy yo‘llarda ham tirbandlik kamayishini aytmoqda.
“Pulli yo‘llar tanlov imkoniyati bo‘lganidan keyin umumfoydalanishdagi tirbandliklarni yo‘qotadi. 100-200 kilometrga boradigan bo‘lsangiz, yo‘lda nechta radarga tushadi. Bittasiga tushsangiz ham 200 ming so‘m to‘laysiz. Pulli yo‘ldan 200 kilometrga harakatlanganingizda 100 ming so‘m to‘laysiz. Bu hisob-kitoblar hali “xomschyot”, o‘zgarishi mumkin”, deydi u.
Hasan Umarovning aytishicha, pulli yo‘lda har bitta mashina toifasiga qarab “palasalar” ajratilishi mumkin. Masalan, yuk tashuvchi mashinalar uchun alohida, yengil avtomobillar uchun alohida.
Shu bilan birga, Qonunchilik palatasining Tadbirkorlik, raqobatni rivojlantirish va sanoat masalalari qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Farhod Zayniyevning aytishicha, favqulodda holatlarda pulli yo‘llardan bepul foydalanish mumkinligi qonunda belgilab qo‘yilmoqda. Xususan, tez yordam va ichki ishlar organlarining avtobillari kabi maxsus transportlar ham pulli yo‘ldan bepul yurishi mumkin bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, 2023 yilning dekabr oyida Toshkent-Samarqand pulli avtomobil yo‘lini qurish loyihasi ishlab chiqilgan. Loyihaning dastlabki texnik-iqtisodiy hujjatini ishlab chiqish uchun Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki tomonidan 350 ming dollar miqdorida grant mablag‘lari ajratilgan. Loyiha xalqaro standartlarga javob beradigan 305 kilometr uzunlikdagi avtomobil yo‘li 6 tasmali avtomagistral talablari asosida quriladi. Shuningdek, hamma tutashma va inshootlar ustidan yangi ko‘prik va yo‘l o‘tkazgichlar qurish hamda intellektual transport tizimini o‘rnatish ko‘zda tutilgan. Toshkent-Andijon pulli yo‘li Toshkent va boshqa hududlarni Farg‘ona vodiysi bilan bog‘lashga yordam beradi. Loyihaning umumiy uzunligi 314 kilometr bo‘lib, uning qiymati 4,65 milliard dollarni tashkil qiladi.
Live
Barchasi