O‘zbekistondagi maktablarning milliy reytingi e’lon qilindi

Jamiyat

image

Kecha, 30 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan mamlakatdagi umumta’lim maktablari reytingini e’lon qilindi.

Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va Xalq ta’limi vazirligi tomonidan o‘rta ta’lim maktablarining reytingini aniqlash mezonlari shakllantirildi, ushbu mezonlar 4 ta ko‘rsatkich asosidan ishlab chiqildi, bular:

-    bitiruvchi o‘quvchilarning umumta’lim fanlari bo‘yicha ta’lim tayyorgarlik darajasi va sifat ko‘rsatkichi;

-    9-sinf o‘quvchilarining bilim darajasi;

-    oliy va birinchi toifali o‘quvchilar ulushi;

-    umumta’lim muassasasining o‘quvchilari va pedagog jamoasi o‘rtasida o‘tkaziladigan so‘rovnoma natijalari.

Taklif etilayotgan reyting indikatorlarida jami natijaning 50 foizi bilim darajasiga bog‘liq bo‘ladi.

Maktablar faoliyati samaradorligini reyting baholash tizimining joriy qilishdan asosiy maqsad, Respublika bo‘yicha o‘quvchilar bilimini baholashni  Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti(OECD) va Ta’lim sohasidagi yutuqlarni baholash xalqaro assosatsiyasi (IEA)kabi nufuzli tashkilotlarning PISA (15-16 yoshli o‘quvchilar bilimini baholash bo‘yicha xalqaro dastur), TIMSS (4 va 8-sinf o‘quvchilarining matematika va tabiiy fanlar bo‘yicha savodxonligini baholash) PIRLS (boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining matnni o‘qish darajasi va sifatini baholash) o‘quvchilar bilimini baholash dasturlari darajasiga olib chiqishda ta’lim muassasalariga ko‘maklashishdir.

Umumta’lim muassasalaridaishchi guruhlar tomonidan 1 tadan 9-sinf qur’a tashlash orqali tanlab olindi va o‘quvchilar ona tilidan diktant va matematikadan yozma ish topshirdilar. Respublika bo‘yicha 956 ta maktabdan jami 25277 nafar o‘quvchilar jalb qilingan bo‘lib, shundan 24984 nafar (98,8 foiz) sinovlarda qatnashdi,89 nafar o‘quvchi sababli va 204 nafari sababsiz qatnashmagan.

Bundan tashqari, xalq ta’limi tizimida ta’lim sifatini baholash sohasidagi xalqaro tadqiqotlarni tashkil etishda ta’lim muassasalariga ko‘maklashish maqsadida, maktablarda 15-16 yosh o‘quvchilar bilan (PISA) xalqaro baholash dasturi darajasiga yaqinlashtirilgan savollar doirasida mashqlar bajarilgan.

Qabul qilingan indikatorlar asosida Respublika bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardagi barcha tuman (shahar)lardan 10 foiz (jami 956 ta) umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining  faoliyati tahlil qilindi va 2019 yil 1 iyul holatiga ularning reyting natijalari tayyorlandi:

Joriy yilda reytingga jalb qilinadigan umumta’lim muassasalari ro‘yxati ularning umumiy soniga nisbatan 10 foiz miqdorda tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limlari tomonidan shakllantirilib, Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlandi.

Eng yuqori o‘rinlarni egallagan Top-20 talikka Xorazmdan 7 ta, Namangandan 4 ta, Farg‘onadan 4 ta, Buxorodan 2 tadan, Andijon, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlaridan 1 tadan maktablar kirdi.

Eng pastki o‘rinlarni egallagan Top-20 talikka Samarqanddan 10 ta, Toshkent viloyatidan 6 ta, Qashqadaryodan 2 ta, Buxoro va Navoiy viloyatlaridan 1 tadan maktablar kirdi.

Hududlar reytingida eng yuqori o‘rinlarni Namangan, Xorazm va Navoiy viloyatlari egallagan bo‘lsa, quyi o‘rinlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Samarqand va Toshkent viloyatlari qayd etildi.

Tumanlar (va shaharlar) reytingida quyidagi holat kuzatildi:

Namangan viloyatida Namangan, Pop, Uychi tumanlari; Navoiyda Qiziltepa, Uchquduq va Navbahor; Farg‘onada O‘zbekiston, Dang‘ara va Rishton; Andijonda Buloqboshi, Marxamat, Jalaquduq; Buxoroda G‘ijduvon, Jondor va Qorovulbozor;  Qoraqalpog‘iston Respublikasida Qorao‘zak, Ellikqal’a va To‘rtko‘l;

Toshkent shahrida Sergeli, Mirobod va Mirzo Ulug‘bek; Qashqadaryoda Shahrisabz shahri, Kitob va Koson tumani; Sirdaryoda Sardoba, Shirin shahri va Mirzaobod; Xorazmda Gurlan, Shovot va Yangibozor; Surxondaryoda Sariosiyo, Boysun tumanlari va Termiz shahri; Samarqandda Kattaqo‘rg‘on shahar, Ishtixon va Narpay; Jizzaxda Yangiobod, Paxtakor, Sh.Rashidov; Toshkent viloyatida Piskent tumani, Chirchiq va Bekobod shaharlari maktablari peshqadam bo‘ldilar.

9-sinf o‘quvchilarining bilim darajasini aniqlash bo‘yicha o‘tkazilgan nazorat ishlarida jami 25188 nafar o‘quvchi qatnashdi va ularning 73,1 foizi ona tilidan diktantdan va 48,2 foizi matematikadan yozma ishdan ijobiy baholandi.

Diktant bo‘yicha eng yuqori natijalar Navoiy, Buxoro, Namangan viloyatlarida va eng past natijalar Toshkent shahri, Samarqand va Toshkent viloyatlarida qayd etildi.

Matematikadan yozma ish bo‘yicha eng yuqori natijalar Xorazm, Navoiy, Namangan viloyatlarida va eng past natijalar Toshkent, Samarqand va Buxoro viloyatlarida qayd etildi.

Oliy va birinchi toifali o‘qituvchilar ulushi buyichayuqori o‘rinlarda Xorazm va Andijon viloyatlari hamda Toshkent shahri bo‘lsa, quyi o‘rinlarda Qashqadaryo, Surxondaryo va Samarqand viloyatlari maktablari aniqlandi.

“Reyting natijalarini tahlil qilish asosida sog‘lom raqobat muhitni shakllantirish, maktablarda ta’lim sifatini ko‘tarish, o‘qituvchilarning bilim darajasini va pedagogik mahoratini oshirish, umumta’lim muassasalari faoliyatidagi ochiqlik va shaffoflik darajasini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqiladi va kamchiliklarni barataraf qilish bo‘yicha barcha imkoniyatlar ishga solinadi”, deyiladi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Matbuot xizmati xabarida.


Maqola muallifi

Teglar

maktab reyting

Baholaganlar

155

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing