O‘zbekistondagi eng yirik gaz ombori egasining ulushi Xitoy kompaniyasiga sotildimi?

Jamiyat

image

O‘zbekistonning eng yirik – Gazli gaz saqlash omboriga egalik qiluvchi “Gazli Gas Storage”ning 60 foizlik ulushi Xitoyga tegishli bo‘lgan Daxon Holding Limited'ga sotildi. Bu ulush avvalroq Rossiyaning “Forus” aksiyadorlik jamiyatiga tegishli edi. 

Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 15 fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan investitsiya dasturida Daxon Holding Limited 2020–2025 yillarda “Gazli konida gazni yer ostida saqlash inshooti hajmini 10 mlrd metr kubga oshirish, Gazli konining gaz va neft uyumlarida qo‘shimcha geologiya-qidiruv ishlarini bajarish va ularni yakunlovchi bosqichda ishlatish (1-bosqich)” loyihasini amalga oshirishi belgilangan edi.

Qiziq tomoni shundaki, gaz ombori boshqaruvchisining ulushi sotilgani, qanday shartlar asosida investitsiya kiritilgani haqida jamoatchilikka batafsil ma’lumot berilmadi. Kompaniya 2019 yil 23 iyulda Gongkongda ro‘yxatdan o‘tgan.

Bir necha kun avval “Gazli Gas Storage” yerosti gaz ombori sig‘imini 3 milliard kubometrdan 6 milliard kubometrga oshirishni rejalashtirayotgani ma’lum qilingan edi.

2017 yilda esa, ombor sig‘imi 10 milliard kubometrga oshirilishi, bu borada Rossiyaning “Forus” kompaniyasi “O‘zbekneftgaz” bilan hamkorlik qilishi aytilgan edi. 2018 yil may oyida Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi doirasida “O‘zbekneftgaz” va “Forus” o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolangan.

2018 yil 17 oktyabrga kelib, “Gazli Gas Storage” MCHJ qo‘shma korxonasi ro‘yxatdan o‘tkazildi. Kompaniyaning 40 foiz ulushi “O‘ztransgaz” AJ, 60 foizi “Forus” AJga tegishli bo‘lgan. Bu vaqtda “Forus” AJning tashkil etilganiga endigina 1 yil bo‘lgandi.

2019 yilning noyabr oyida O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan ishchi guruh tuzilib, O‘zbekistonning neft-gaz sohasidagi holati o‘rganilgan edi. 

Tekshiruvlar natijasida taqdim etilgan hisobotda “Forus” AJga nisbatan jiddiy shubhalar borligi qayd etilgan. Xususan: 

  •  kompaniya 2017 yilda atigi 10 ming rubl yoki o‘sha vaqtdagi kurs bo‘yicha 155 dollar ustav fondi bilan ochilgan; 
  •  tashkil etilganidan buyon moliyaviy faolligi qayd etilmagan (ikki yil davomida kompaniyadagi mablag‘lar harakati 3 ming rubl yoki 46 dollar bo‘lgan); 
  •  gaz ombori sig‘imini oshirish kabi loyihalarni amalga oshirish tajribasi yo‘q. 

Shuningdek, aytilishicha, “Forus” to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiya jalb qilish o‘rniga, majburiyatlarni “Gazli Gas Storage” MCHJga yuklagan holda kredit olishni rejalashtirgan.

Xorij matbuotida “Forus”ning egalaridan biri rossiyalik biznesmen Ivan Yegorov ekani, u milliarder Gennadiy Timchenkoning biznes sherigi ekani haqida xabarlar tarqalgan. Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan keyin Yevropa Ittifoqi sanksiyalariga uchragan Timchenkoni OAVda Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning do‘sti deb atashadi.

“Forus”ning o‘rnini egallagan Daxon holdingi esa, ofshor zonalar qatoriga kiruvchi Gongkongda ro‘yxatdan o‘tgan.

Mohinur Mamatova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

O'zbekiston Gazli Gas Storage

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing