O‘zbekistondagi eng qimmat uy sotildi (foto)
Jamiyat
−
21 avgust 2023
105107Toshkent shahri, Mirzo Ulug‘bek tumani, Do‘rmon yo‘li yaqinidagi 51 xonali hovli kimoshdi savdosida sotildi. Uning narxi 32 mlrd 619 mln so‘m bo‘lib, uni “Mob Group” kompaniyasi sotib oldi.
Umumiy maydoni 52 sotix bo‘lgan ushbu hovlining sotilishi O‘zbekiston uchun eng yirik turar-joy auksioni bitimi hisoblanadi. E-AUKSION portalidagi ma’lumotga ko‘ra, hovli ichidagi jihozlari, 135 turdagi tovar va moddiy boyliklar bilan sotilgan.
“Toshkent shahri, Mirzo Ulug‘bek tumani, Ravon ko‘chasi -50 uy, Mirzo Ulug‘bek tumani, Zaytun ko‘chasi 70-uy hududidan bugungi kunda bitta uy sifatida foydalanib kelinayotgani bois, har ikki uy bitta uy-joy sifatida va undagi mol-mulklar bilan birga elektron onlayn-auksion orqali sotuvga chiqarilmoqda”, deyilgan savdo ma’lumotida.
Lot izohida yozilishicha, 2017 yilda qurilgan 1 va 2 qavatli binolar jami 51 xonadan iborat. 0,52 gektar maydonda joylashgan uyning umumiy maydoni 2052,88 kvadrat metrni tashkil etadi. Shuningdek, hovlida gaz, suv, elektr ta’minoti va kanalizatsiya mavjud.
2022 yil boshida ilk bor auksionga qo‘yilgan ko‘chmas mulk ob’ekti narxi qimmatligi uchun sotilmayotgan edi. Ammo 2023 yilning avgustiga kelib uni sotib olishga qurbi yetadigan topildi. Bu “Mob Group” kompaniyasi bo‘lib, auksion g‘olibi restoranlar va oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish bilan shug‘ullanadi.
Shuningdek, mazkur korxonaning asosiy ta’sischisi Odilbek Mannonov ta’lim sohasidagi kompaniyalarga ham egalik qiladi.
Qiziq tomoni shundaki, hovli sotilishi haqidagi dastlabki e’lonlarda u O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudining 15.04.2021 yildagi 91-sonli ijro varaqasi hamda Byuro inspektor S.Ahmedovning 20.12.2021 yildagi qarori bilan auksionga chiqarilgani, buyurtmachi sifatida esa Yunusobod tumani MIB ko‘rsatilgan edi. Biroq O‘zbekistondagi eng qimmat uyning asl egasi kim ekani va nima sababdan MIB qaramog‘iga o‘tgani ochiqlanmagan.
LiveBarchasi