15 yil oldin nohaq sudlangan kapitan oqlandi
3-sahifa
−
15 aprel
1281215 yil muqaddam Jinoyat kodeksining 287-moddasi (Harbiy qism yoki xizmat joyini o‘zboshimchalik bilan tashlab ketish) bilan nohaq sudlangan kapitan Kamoliddin Muxtorov oqlandi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, 15 yil muqaddam asossiz ayblov bilan sudlangan Kamoliddin Muxtorovga oid ish O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi taftish instansiyasi sudlov hay’atining Akmal Jonqobilov raisligida o‘tkazilgan ochiq sud majlisida ko‘rib chiqilgan.
Unga ko‘ra, sudlov hay’ati Janubiy-G‘arbiy maxsus harbiy okrug harbiy sudining 2010 yil 22 yanvardagi hukmi hamda Harbiy sud apellyatsiya instansiyasi sudlov hay’atining 2021 yil 18 oktyabrdagi ajrimini bekor qilgan. Shu tariqa Jinoiy hodisa yuz bermagani sababli Kamoliddin Muxtorov aybsiz deb topilib, Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi (Ayblash va hukm qilish uchun asoslar) 1-bandiga asosan reabilitatsiya qilingan va oqlangan.
Kapitan harbiy unvoniga ega Kamoliddin Muxtorov qanday adolatsizlikka uchragandi?
Qayd etilishicha, Kamoliddin Muxtorov xizmat qilayotgan harbiy qism xizmatchilari 2009 yilgi mavsumda Sirdaryo viloyatiga paxta yig‘im-terimiga safarbar etiladi. Kamoliddin Muxtorovning nikoh to‘yi 21 noyabr kuniga belgilangandi. O‘sha yili yig‘im-terim cho‘zilib ketadi. To‘yga 2 kun qolganida harbiy qismning yoqilg‘i-moylash mahsulotlari xizmati boshlig‘i Kamoliddin Muxtorov ish joyiga qaytib keladi va ta’til uchun bildirgi yozadi.
Bildirgiga qism komandirining ta’minot bo‘yicha o‘rinbosari I. Abdumo‘minov (guvohlarning ism-shariflari o‘zgartirilgan), saf bo‘limi boshlig‘i S. Ibrohimov rozilik bildirib, imzo qo‘yadi. Kapitan bildirgini qism komandiri A. Baratovga imzolatish uchun uning xonasiga ruxsat so‘rab kirganda A. Baratov okrugda bo‘ladigan yig‘ilishga shoshilayotgan bo‘lgan. Kamoliddin Muxtorov boshqalarga bergani kabi qism komandiriga ham to‘yga taklifnoma tutqazadi va ta’til uchun bildirgi yozib kirganini aytadi.
“Tabriklayman. Men okrugda bo‘ladigan yig‘ilishga shoshilyapman, bildirgini stolim ustiga qoldiring”, deydi A. Baratov.
Qism komandiri shunday deya, shoshilganicha xonadan chiqib ketadi. Kamoliddin ta’til so‘rab yozgan bildirgisini qism komandirining stoli ustida qoldirganini saf bo‘limi boshlig‘i S. Ibrohimovga aytadi va o‘zining qo‘l ostida yoqilg‘i-moylash mahsulotlari ombori boshlig‘i vazifasida ishlovchi F. Dadaboyevga jamoa bilan to‘yga borishini, ish yuzasidan qo‘ng‘iroqlashib turishni tayinlab, o‘sha – 2009 yilning 20 noyabr kuni uyiga qaytadi.
Ertasi kuni to‘y bo‘lib o‘tadi. Ta’til kunlarida uni ish joyidan hech kim izlab kelmaydi. F. Dadaboyev bilan ish yuzasidan qo‘ng‘iroqlashib turganida uni biron kimsa so‘roqlayotganini ham aytmaydi. Biroq ta’til muddati tugab, ish joyiga qaytib kelsa, xizmat ta’tiliga buyruq chiqmagan. Harbiy prokuratura Kamoliddin Muxtorovni xizmat joyini o‘zboshimchalik bilan tashlab ketganlikda ayblab, unga nisbatan tergov harakatlari olib boriladi.
Keyin ish sudga o‘tadi. Janubi-G‘arbiy maxsus harbiy okrug harbiy sudining 2010 yil 22 yanvardagi hukmi bilan Kamoliddin Muxtorovga Jinoyat kodeksining 287-moddasi (Harbiy qism yoki xizmat joyini o‘zboshimchalik bilan tashlab ketish) 3-qismi bilan Jinoyat kodeksining 57-moddasi (Yengilroq jazo tayinlash) qo‘llanilib, pul ta’minotining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil muddatga xizmat bo‘yicha cheklash jazosi tayinlanadi. Sud hukmi chiqqanidan so‘ng Kamoliddin Muxtorov yana ikki yil o‘zining vazifasida ishlagan. Kontrakt muddati tugab, yangisini tuzish muddati yetganida esa, unga sudlanganini ro‘kach qilishgan va u shu tariqa xizmatdan bo‘shab qolgan.
Taftish instansiyasi sudi qonun talablariga asoslanib, Kamoliddin Muxtorovning shikoyatini qanoatlantirish lozim, degan to‘xtamga kelgan. Chunki Jinoyat kodeksining 9-moddasida (Ayb uchun javobgarlik prinsipi) shaxs qonunda belgilangan tartibda aybi isbotlangan ijtimoiy xavfli qilmishlari uchungina javobgar bo‘lishi ko‘rsatilgan.
LiveBarchasi