O‘zbekistondagi bo‘sh qolgan maktab yerlarida bog‘chalar quriladi
Jamiyat
−
05 Sentabr
2241O‘zbekistonda bo‘sh qolgan maktab yerlarida bog‘chalar qurishga ruxsat berilishi mumkin. Bu haqda kecha, 4 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev maktabgacha ta’limni rivojlantirish, iqtidorli yoshlar bilan ishlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar taqdimotida so‘z boradi.
Qayd etilishicha, oxirgi yetti yilda tizimda qamrov darajasi 27 foizdan 74,6 foizga ko‘tarildi. Kelgusi besh yilda buni 80 foizga yetkazish maqsad qilingan.
Taqdimotda maktabgacha ta’lim sifati va samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflar ko‘rib chiqildi. Jumladan, maktablarning bo‘sh yerlarida davlat-xususiy sheriklik asosida bog‘cha qurishga ruxsat berish ko‘zda tutilmoqda.
Shuningdek, davlat dasturi asosida ishlab chiqilgan o‘quv-metodik materiallar hamma bog‘chalarda ham to‘liq emas. Nodavlat muassasalar internet manbalaridan foydalanmoqda. Shuning uchun endi barcha dasturlar Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining veb-saytida joylashtirilishi hamda undan bepul foydalanilishi belgilanmoqda.
Bog‘chalardagi pedagoglarning katta qismi o‘rta maxsus ma’lumotli. Sohada malaka oshirishning hozirgi muddati besh yilda bir marta. Bu jarayonni jadallashtirish maqsadida malaka kurslari oralig‘ida “Metodik mahorat soati” va “Metodik mahorat kuni” tadbirlarini o‘tkazish mo‘ljallanmoqda. Shuningdek, bu yo‘nalishdagi oliy ta’limda dual ta’lim shaklini ochish, sirtqi va kechki o‘quvlarda maqsadli kvotalarni oshirish taklif etilmoqda.
Bugungi kunda davlat bog‘chalarida davomat, oziq-ovqat xarajatlari qog‘oz shaklida to‘ldirilmoqda. Endi biometrik identifikatsiya qilish texnologiyasini qo‘llagan holda hisobotlarni raqamlashtirish talabi qo‘yilmoqda.
LiveBarchasi