O‘zbekistondagi bemorlarning ahvoli haqida ma’lumot berildi
Jamiyat
−
03 may 2020
10269O‘zbekiston Respublikasi hududida davolanayotgan 12 nafar bemorning ahvoli og‘ir, 1 nafariniki esa o‘ta og‘ir. Bu haqda bugun, 3 may kuni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i, Respublika bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov ma’lum qildi.
“Ayni daqiqalarga kelib mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi bilan ro‘yxatga olingan bemorlar umumiy soni 2127 nafarni tashkil etdi. Ularning 60 foizi sog‘aygan va reabilitatsiya markazlariga o‘tkazilgan. Hozirgi paytda Jizzax va Qashqadaryo viloyatidan tashqari barcha hududlardagi yuqumli kasalliklar shifoxonalari va moslashtirilgan muassasalarda 847 bemor davolash muolajalarini olyapti. Ulardan 12 nafarining ahvoli og‘ir, 1 nafarining ahvoli o‘ta og‘ir, deb baholanyapti“ deydi Otabekov
Ta’kidlanishicha, 59 mingdan ko‘proq fuqaro karantin muddatini o‘tayapti. Ularning 45 ming nafari uy sharoitida, 14 mingdan ziyodi statsionar sharoitda karantinga olingan.
Ma’lum qilinishicha, kecha, 2 may kuni 12 mingdan ko‘proq laboratoriya tekshiruvi amalga oshirildi. Shu paytga qadar 317 mingdan ko‘proq holatda virusologik tekshiruvlar o‘tkazilgani ta’kidlandi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Hozirgacha mamlakatda koronavirus bilan bog‘liq 2127 ta holat qayd etilgan. Bugungacha bemorlarning 1271 nafari sog‘aygan va 9 nafari vafot etgan.
Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor
LiveBarchasi