O‘zbekistondagi aeroport MDH aeroportlari orasida yettinchi bor eng yaxshi deb topildi
Jamiyat
−
03 iyun 2019
4698Moskvada Fuqaro aviatsiyasi xalqaro “Aeroport” assotsiatsiyasi forumi doirasida 2018 yil yakunlari bo‘yicha MDHga a’zo mamlakatlar aeroportlari o‘rtasida eng yaxshi aeroport tanlovi o‘tkazildi.
Unda 100 mingdan 500 ming nafargacha yo‘lovchi tashish quvvatiga ega aviakorxonalar nominatsiyasida “Buxoro” xalqaro aeroporti birinchi o‘ringa munosib topilib, katta kubok bilan taqdirlandi.
“Buxoro” xalqaro aeroportida xizmat ko‘rsatish sifatini jahon andazalari darajasida yo‘lga qo‘yish tadbirlari izchil hamda muvaffaqiyatli amalga oshirilyapti. Buning samarasida o‘tgan yili aeroport orqali 111 ming 653 nafar yo‘lovchi manzillarga yetkazildi. Bu ko‘zda tutilganidan 2 foizga, avvalgi yildagidan esa 13 foizga ko‘p.
“Aeroportimiz xizmatidan foydalanuvchilar uchun zarur sharoitlar yaratilgan. Haftada 25 qatnov, jumladan, xalqaro yo‘nalishlarda 13 parvoz amalga oshirilyapti. Yana muhim jihat, modernizatsiyalash yo‘lidan borilayotgani, parvozlar xavfsizligini ta’minlash texnologiyalari joriy etilayotgani tufayli aeroportimiz xorijiy aviakompaniyalar e’tiborini ham tortmoqda. 2018 yilda Rossiyaning “Aeroflot“ (Buxoro – Sheremetevo –Buxoro), S7 “Sibir“ (Buxoro – Novosibirsk – Buxoro), Tojikistonning “Somon air” (Buxoro – Dushanbe – Buxoro) aviakompaniyalari havo kemalari qatnovi yo‘lga қўyilди. Yaqin istiqbolda Buxoro – Istanbul – Buxoro, Buxoro – Vladivostok – Buxoro, Buxoro – Loyan (XXR) – Buxoro yo‘nalishlarida reyslarni ochish bo‘yicha harakatlar qilinayotir”, deydi “Buxoro” xalqaro aeroportining mas’ul xodimi S.Badriddinov.
“Buxoro” xalqaro aeroporti fuqaro aviatsiyasi xalqaro “Aeroport” assotsiatsiyasi tomonidan ilk bor e’tirof etilayotgani yo‘q. U keyingi 10 yilda MDHga a’zo mamlakatlar aviakorxonalari o‘rtasidagi eng yaxshi aeroport tanlovida yettinchi bor g‘olib chiqdi. Bundan tashqari, u ikki bor “MDH mamlakatlarining jadal rivojlanayotgan aeroporti” nominatsiyasida va bir marta MDH mamlakatlarining istiqbolli aeroporti” nominatsiyasida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan.
Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, may oyi oxirida Moskvada bo‘lib o‘tgan Fuqaro aviatsiyasi xalqaro “Aeroport” assotsiatsiyasi Forumida “Buxoro” xalqaro aeroporti direktori Тоҳир Bahronov ikkinchi bor “Aeroport” assotsiatsiyasi prezidenti etib saylandi.
LiveBarchasi