O‘zbekistondagi 31 ta shaharda kanalizatsiya tizimini qurish kerak

Jamiyat

image

O‘zbekistonda hozirgi kunda 31 ta yirik va o‘rta shaharlar, 156 ta tuman markazlarining kanalizatsiya tizimini qurish hamda modernizatsiya qilish vazifasi muhim bo‘lib turibdi. Kanalizatsiya tizimi Qarshida 45 foiz, Andijonda 37, Nukusda 30, Namanganda 10 foizga ta’minlangan.

Bugun, 5 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda kommunal xo‘jalik sohasidagi loyihalar ham sinchiklab ko‘rib chiqildi. Tarmoqda islohotlar deyarli ko‘rinmayotgani, bu borada sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Faqat 18 ta yirik va o‘rta shahar uchun xalqaro moliya tashkilotlarining 912 million dollari jalb qilingan. Hisob-kitobga ko‘ra, barcha kanalizatsiya loyihalari uchun 2 milliard 600 million dollar talab qilinadi. Xususiy sheriklar bilan birgalikdagi shahar kanalizatsiyasi modernizatsiyasi ham byudjetga yengillik bo‘ladi, ham xizmat sifati yaxshilanadi.

Undan tashqari, Buxoro, Namangan va Nukus shaharlari issiqlik ta’minotini sheriklikka berish modellari bo‘yicha takliflar kiritiladi.

Yig‘ilishda Bosh vazir o‘rinbosarlari Jamshid Qo‘chqorov va Sardor Umurzoqovlarga har chorakda davlat-xususiy sheriklikdagi barcha loyihalarning ijrosini muhokama qilib, zarur choralarni belgilab borish vazifasi yuklatildi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil oktyabr kuni Fransiyaga amalga oshirgan tashrifi davomida Veolia Environnement fransuz kompaniyasi Toshkent shahri suv tozalash va taqsimlash tizimini boshqarish huquqini qo‘lga kiritgan edi. O‘shanda ikki mamlakat tegishli idoralari o‘rtasida memorandum imzolandi.

O‘shanda Veolia bosh direktori Antuan Frero kelishuv O‘zbekiston poytaxti suv ta’minoti tizimiga yangi texnologiya va standartlarni joriy qilish imkonini berishi, shartnoma 25 yilga mo‘ljallangani va u 1,5 milliard yevroga teng ekanini aytgandi. Biroq, oradan ikki yilga yaqin fursat o‘tdi hamki, ushbu loyiha start olgani yo‘q. 


Maqola muallifi

Teglar

kanalizatsiya

Baholaganlar

115

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing