O‘zbekistonda jinoyatchilikning oldini olish va jinoiy odil sudlov bo‘yicha anjuman o‘tkaziladi
Jamiyat
−
14:02 813 2 daqiqa
O‘zbekistonda 2031 yilda jinoyatchilikning oldini olish va jinoiy odil sudlov bo‘yicha anjuman o‘tkaziladi. Bu haqda Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva o‘zining Telegram-kanalida yozib qoldirdi.
“BMT Bosh Assambleyasidan so‘ng ishimizni Abu-Dabida – Jinoyatchilikning oldini olish va jinoiy odil sudlov bo‘yicha 15-kongressda davom ettirdik. Ushbu nufuzli anjumanda dunyoning turli mamlakatlaridan 5 mingga yaqin vakil ishtirok etmoqda”, deydi Prezident Administratsiyasi rahbari.
Uning bildirishicha, umumiy yechimni taqozo etayotgan masalalar: transmilliy jinoyatchilik, terrorizm, narkotrafik, korrupsiya va ekologik huquqbuzarliklarga qarshi kurashish, shuningdek, bolalar himoyasi hamda qonun ustuvorligini mustahkamlash choralari muhokama qilingan.
“Kongress doirasida BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi ijrochi direktori Monika Juma bilan uchrashganimdan xursand bo‘ldim. Biz BMTning ushbu tuzilmasi bilan faol hamkorlik qilib, qator qo‘shma loyihalarni amalga oshirmoqdamiz”, deb yozdi Saida Mirziyoyeva.
Uning yozishicha, mazkur kongress O‘zbekiston uchun alohida ahamiyat kasb etgan. Barcha ishtirokchi davlatlar navbatdagi kongressni O‘zbekistonda o‘tkazish bo‘yicha mamlakat tashabbusini qo‘llab-quvvatlagan va bu yakuniy deklaratsiyada o‘z tasdig‘ini topgan.
“Buni O‘zbekistonga nisbatan xalqaro miqyosdagi yuksak ishonch ramzi deb bilaman. Bu – bizning ochiqligimizga, muloqotga doim tayyorligimizga hamda umumiy maqsadlar yo‘lida sa’y-harakatlarni birlashtira olishimizga bildirilgan ishonchdir.
Oldinda besh yillik tayyorgarlik davri turibdi. 2031 yilda mamlakatimiz butun dunyodan keladigan delegatlarga mezbonlik qiladi”, deydi Saida Mirziyoyeva.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Saida Mirziyoyeva Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon A’lo bilan uchrashuv o‘tkazgani haqida xabar berilgan edi.
Live
BarchasiPromis Devidni intervyu chog‘ida ari chaqib oldi
27 Sentyabr