O‘zbekistonda yuridik shaxslarning yangi shakli paydo bo‘ladi
Jamiyat
−
13 iyun 2020
9647Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Cheklangan sherikchilik to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi e’lon qilindi. Bu haqda "Norma" xabar berdi.
O‘zbekiston iqtisodiyotiga investitsiyalar jalb qilish uchun huquqiy asos yaratish va cheklangan sherikchilik shartnomasi asosida investitsion loyihalarni amalga oshirish qonun loyihasining maqsadi hisoblanadi.
Cheklangan sherikchilik shartnomasi asosida ikkita yoki bir nechta shaxs (sherik) yuridik shaxs tuzib, o‘z mablag‘larini birlashtirish va sherikchilikdagi investitsion faoliyatni amalga oshirish majburiyatini oladi.
Cheklangan sherikchilik shartnomasida sheriklar cheklangan sherikchilik shartnomasida (keyingi o‘rinlarda – Shartnoma) ko‘rsatilgan doirada va hajmda ishtirok etadi. Bunda bitta yoki bir nechta sherik (boshqaruv kompaniyasi) barcha sheriklar nomidan hamkorlarning umumiy ishini yuritadi.
Quyidagilar Shartnoma ishtirokchilari bo‘lishi mumkin:
• sheriklar – Shartnomani tuzgan hamda hamkorlarning umumiy mulkiga o‘z hissasini qo‘shgan yuridik va jismoniy shaxslar;
• boshqaruvchi kompaniya – tuzilgan shartnomaga muvofiq umumiy ishlarni yuritadigan va investitsiyani boshqaradigan tijorat tashkiloti;
• malakali investorlar – investitsion kompaniyalarga milliy valyutada va/yoki MBning investitsiya kiritilgan sanadagi kursi bo‘yicha xorijiy valyutada BHMning 2 500 baravari miqdorida pul mablag‘lari ko‘rininishida investitsiya kiritgan yuridik va jismoniy, jumladan, xorijiy shaxslar;
Cheklangan sherikchilik ishtirokchilari soni 50 dan oshmasligi kerak.
Cheklangan sherikchilik, bank faoliyatidan tashqari istalgan qonuniy faoliyatni amalga oshirishi mumkin. U qonunchilik yoki Shartnoma taqdim etadigan barcha huquq va imtiyozlarga, shu bilan birga, biznes, cheklangan sherikchilik maqsadi yoki faoliyatini yuritish, rivojlantirish yoki unga erishish uchun lozim bo‘lgan, yuridik shaxs vakolatlariga ega.
Cheklangan sherikchilikni ta’sisi etish va uni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ustav va ta’sis shartnomasi talab etilmaydi. Mazkur holatda Shartnoma va umumiy ishlarni yuritish siyosati (investitsion deklaratsiya) ta’sis hujjatlari sanaladi.
Shartnomada “cheklangan sherikchilik” so‘zlarini o‘z ichiga olgan cheklangan sherikchilik nomi va uning Tadbirkorlik sub’ektlarini Yagona davlat reyestrida ro‘yxatga olishda olingan STIR raqami ko‘rsatiladi.
Shartnomada u tuzilayotgan sanaga quyidagi ma’lumotlar ko‘rsatilishi kerak:
• cheklangan sherikchilikning umumiy mulkining jami miqdori va sheriklarning ummuiy ishga qo‘shgan hissasi tarkibi to‘g‘risida;
• kiritiladigan hissa miqdori, muddati va tartibi to‘g‘risida;
• sheriklarning umumiy mulkiga bo‘lgan huquqdagi sheriklar ulushining nissbati va ko‘rsatilgan nisbatni o‘zgartirish tartibi to‘g‘risida;
• hissasini kiritish majburiyatini buzganligi uchun sheriklarning javobgarligi to‘g‘risida;
• cheklangan sherikchilikning ro‘yxatga olingan ofisi manzili haqida;
• har bir boshqaruvchi kompaniyaning nomi va pochta manzili hamda boshqa shartlar to‘g‘risida.
Shuningdek, Shartnomada uni bekor qilish sharti sifatida muddat yoki maqsad ko‘rsatilishi mumkin. Bunda uning amal qilish muddati 15 yildan oshmasligi kerak.
Tadbirkorlik sub’ektlarining Yagona davlat reyestrida ro‘yxatdan o‘tgandan so‘ng bir vaqtning o‘zida cheklangan sherikchilik qimmatli qog‘ozlar bozorini tartibga soluvchi vakolatli davlat organida ro‘yxatga olinishi shart. Buning uchun zarur hujjatlar ilova qilingan ariza yo‘llanadi
Qonun loyihasida sheriklarning huquq va majburiyatlari belgilangan. Sheriklar umumiy ishga o‘z hissasini qo‘shishi shart. Sheriklar quyidagi huquqqa ega:
• umumiy ishga qo‘shgan hissasi qiymatiga proporsional ravishda Shartnomada ishtirok etish natijasida olinadigan daromadning bir qismini olish, agarda Shartnomada boshqa tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa;
• Shartnomada ko‘rsatilgan tartib va hajmda sheriklarning umumiy ishini yuritish bo‘yicha hujjatlar bilan tanishish;
• Shartnomaning amal qilish muddati tugagach yoki belgilangan maqsadga erishgach, unda belgilangan tartibda umumiy ishdagi o‘z hissasini olish;
• qonun loyihasi va Shartnomada belgilangan qarorlarni qabul qilishda ishtirok etish.
Shuningdek, qonun loyihasi umumiy majburiyatlar bo‘yicha sheriklar javobgarligining chegarasini belgilaydi. Shartnomadan kelib chiqmaydigan umumiy majburiyatlar bo‘yicha sheriklar teng javobgardir. Bunda ko‘rsatilgan umumiy majburiyatlarning buzilishi sudda aniqlangan hollarda sheriklarning javobgarligi yuzaga keladi. Sheriklarning qo‘shma investitsion faoliyatni amalga oshirish bilan bog‘liq umumiy shartnoma majburiyatlari bo‘yicha har bir sherik proporsional ravishda sheriklarning umumiy mulki huquqidagi unga tegishli ulush qiymati doirasida javobgar bo‘lib, boshqa mulki bilan javobgarlikka tortilmaydi. Sheriklarning umumiy shartnoma majburiyatlari bo‘yicha kreditorlar talablarini qondirish uchun umumiy mulk qiymati yetarli bo‘lmagan taqdirda, boshqaruvchi sheriklar barcha mol-mulki bilan birgalikda subsidiar javobgardirlar.
Shuningdek, boshqaruvchi kompaniyaning majburiyatlari belgilandi:
• qimmatli qog‘ozlar bozorini tartibga soluvchi vakolatli davlat organi belgilangan tartibda daromad va xarajatlarni alohida hisob-kitob qilish;
• Shartnoma asosida pul mablag‘lari bilan bog‘liq operatsiyalarni amalga oshirish uchun bank hisobvarag‘i, bank hisobvaraqlarini ochish;
• Shartnoma doirasidagi faoliyat bo‘yicha soliq hisobotini yuritish;
• Shartnoma ishtirokchilari ro‘yxatini yuritish va ular haqidagi ma’lumotni olishga haqli davlat organi yoki shaxslarga bunday ma’lumotlarni berish;
• Shartnoma ishtirokchilariga umumiy ishni yuritish uchun sarflangan xarajatlar, uning mukofoti summasi va Shartnoma shartlariga asosan har bir sherikning umumiy mulkdagi ulushining joriy miqdori to‘g‘risida ma’lumotlar taqdim etish.
Shuningdek, Shartnomada sheriklar o‘rtasida foydani taqsimlash tartibi nazarda tutilishi mumkin. Shartnomada boshqacha qoida belgilanmagan bo‘lsa, cheklangan sherikchilik daromadi sheriklarning qo‘shma investitsiya faoliyatiga qo‘shgan hissasi miqdoriga muvofiq taqsimlanadi.
Shartnoma bo‘yicha investitsion faoliyatni amalga oshirish natijasida cheklangan sherikchilik tomonidan olinadigan foyda ikki marta soliqqa tortilmaslik uchun Soliq kodeksiga muvofiq soliqqa tortilmaydi.
Soliqka tortiladigan summa jismoniy shaxslar uchun to‘lov manbai sifatida kirim qilinadigan summadan belgilanadi va yuridik shaxslar daromadi sifatida mablag‘lar hisob raqamga tushganda sherik hisobidan soliqqa tortiladi.
Shuningdek, qonun loyihasi boshqa axborotni, shu jumladan Shartnoma taraflarining o‘zgarishi, Shartnomani o‘zgartitish, bekor qilish va tugatish va h.k.ni o‘z ichiga olgan.
Loyiha 27 iyungacha muhokamada bo‘ladi. U o‘zgartirilishi, qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.
LiveBarchasi