O‘zbekistonda yil boshidan beri qancha odamga pensiya tayinlandi?
Jamiyat
−
23 Oktabr
3508Bugungi kunda O‘zbekistonda pensionerlar soni 4,1 million nafar bo‘lib, ularning 4 foizdan ortig‘i 2024 yilda pensiyaga chiqqan. Bu haqda Pensiya jamg‘armasi xabar berdi.
Joriy yil yanvar-sentyabr oylarida Pensiya jamg‘armasi tomonidan 225 ming 333 nafar fuqarolarga yangi pensiyalar tayinlangan. Shundan 179 ming 183 kishi yoshga doir pensiya ola boshlagan. Qolgan 32 ming 428 nafariga nogironlik pensiyasi, 13 ming 722 ta oilaga boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi tayinlangan.
Jamg‘arma hisobida turgan pensionerlar soni 4,1 million nafardan ortgan. Ularning 3,2 million nafari (79 foiz) o‘z pensiyalarini bank kartalari orqali oladi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda 2024 yil 1 sentyabrdan boshlab ish haqi, pensiyalar va nafaqalar miqdori 15 foizga oshirildi.
-
pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori – oyiga 428 ming so‘m;
-
yoshga doir eng kam pensiya miqdori – oyiga 834 ming so‘m;
-
nogironlik pensiyalarining eng kam miqdori – oyiga 920 ming so‘m etib;
-
fuqarolarga to‘lanadigan boshqa pensiyalar va nafaqalar miqdorlari ilovaga muvofiq belgilandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Davlat pensiya ta’minoti tizimini isloh qilish konsepsiyasini ishlab chiqish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida” qaror qabul qilgandi. Qarorda amaldagi davlat pensiya ta’minoti tizimida mavjud muammolarni tahlil qilish hamda ilg‘or xorijiy tajriba asosida pensiya ta’minoti tizimining barqarorligini ta’minlash va ijtimoiy adolatni mustahkamlashga qaratilgan takliflarni tayyorlash uchun mas’ul ishchi guruh tashkil etilishi belgilandi.
Ishchi guruh 2025 yil 1 martga qadar davlat pensiya ta’minoti tizimini isloh qilish konsepsiyasi loyihasini ishlab chiqishi va kiritishi zarur. Ishchi guruhga Bosh vazir o‘rinbosari, Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov rahbarlik qiladi.
LiveBarchasi