O‘zbekistonda yozgi elektr iste’moli ilk bor qishki rekordni ortda qoldirdi
Jamiyat
−
15 iyul 2439 2 daqiqa
O‘zbekistonda elektr energiyasi iste’moli bo‘yicha yangi rekord qayd etildi. Kecha, 14 iyul kuni mamlakat yagona energetika tizimida sutkalik elektr iste’moli 284 million kilovatt-soatga yetib, nafaqat yozgi, balki qishki eng yuqori ko‘rsatkichni ham ortda qoldirdi. Bu haqda Energetika vazirligi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, yangi ko‘rsatkich joriy yilning 13 iyul kuni qayd etilgan yozgi rekord – 278,6 million kilovatt-soatdan 5,4 million kilovatt-soatga, joriy yilning 24 yanvarida qayd etilgan qishki maksimal iste’mol – 283 million kilovatt-soatdan esa 1 million kilovatt-soatga yuqori bo‘lgan.
Shuningdek, kecha, 14 iyul kuni sutkalik elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi ham rekord darajaga chiqib, 287,3 million kilovatt-soatni tashkil etgan. Bu qishki maksimal ishlab chiqarish hajmidan 9,7 million kilovatt-soatga ko‘p.
Ma’lum qilinishicha, yuqori iste’mol davrida elektr ta’minoti barqarorligini saqlash maqsadida avariya-ta’mirlash brigadalari kuchaytirilgan tartibda ishlamoqda. Jumladan, kecha Toshkent shahrining Chilonzor, Shayxontohur, Yakkasaroy, Sergeli va Olmazor tumanlarida yuzaga kelgan nosozliklar tezkor bartaraf etilgan. Qashqadaryo viloyatining Qarshi, Koson, Ko‘kdala, Qamashi, G‘uzor, Kitob va Chiroqchi tumanlarida kuchli shamol sabab uzilgan ayrim elektr tarmoqlari ham bosqichma-bosqich qayta tiklangan.
Vazirlikning bildirishicha, hududlarda elektr stansiyalari, podstansiyalar, transformator punktlari va elektr uzatish tarmoqlarini modernizatsiya qilish ishlari davom etmoqda. Shu bilan birga, yuqori yuklama vaqtida ayrim hududlarda texnik nosozliklar tufayli elektr ta’minotida vaqtinchalik uzilishlar kuzatilishi mumkinligi qayd etilgan.
Shu munosabat bilan iste’molchilardan elektr energiyasidan oqilona foydalanish, xususan, konditsionerlarni 24–26 daraja haroratda ishlatish va ularning filtrlarini muntazam tozalab turish so‘ralgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda kuzatilayotgan issiq ob-havo munosabati bilan ish beruvchilarga ochiq havoda mehnat qilayotgan xodimlar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha majburiy choralar e’lon qilingan edi.
Live
BarchasiBloger Aziz Hakimov 4 yilga qamaldi
11 avgust
Putin hech narsadan qo‘rqmasligini aytdi
11 avgust