O‘zbekistonda yong‘inlar o‘tgan yilga nisbatan 17 foizga oshgan – FVV
Jamiyat
−
18 dekabr 1201 1 daqiqa
Kecha, 17 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Favqulodda vaziyatlar vaziri Botir Qudratxo‘jayev aholini yong‘inlardan muhofaza qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida axborot berdi.
Qayd etilishicha, davlat nazorati inspektorlari tomonidan ro‘yxatga olingan 323 093 ta korxona va tashkilotning 79 432 tasida tekshiruvlar o‘tkazilgan. Bunda yongin xavfsizligi qoidalarini buzgan 51 824 nafar rahbar, javobgar shaxslar va fuqarolar 31 milliard 803 million 458 ming so‘m miqdorida ma’muriy jarimaga tortilgan.
Zudlik bilan bartaraf etilmasa, yongin sodir bo‘lishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan 22 642 ta inshootning ish faoliyati vaqtinchalik to‘xtatilib, 112 527 ta nosoz elektr uskuna manbasidan uzilgan.
“Joriy yilning 11 oyida mamlakatimizda 10 222 ta yong‘in sodir bo‘lib, o‘tgan yilga nisbatan 17 foizga oshgan. Oqibatda 112 nafar fuqaro tan jarohati olib, 67 nafari vafot etgan. Yong‘inlarga, asosan, ehtiyotsizlik, isitish pechlaridan va elektr uskunalaridan noto‘g‘ri foydalanish holatlari sabab bo‘lmoqda”, deydi Botir Qudratxo‘jayev.
Vazirning qayd etishicha, maktabgacha ta’lim tashkilotlari va umumta’lim maktablarida o‘tkazilgan nazorat tadbirlari jarayonida 68 ming 536 ta qoidabuzarlik aniqlangan bo‘lib, shundan 32 059 tasining bartaraf etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrining Yashnobod tumanidagi “Aviasozlar” bozorida yong‘in sodir bo‘lgandi.