O‘zbekistonda yangi partiya ochish talablari osonlashadimi? (video)
Jamiyat
−
28 mart 2023
6813O‘zbekistonda yangi partiya ochish talablarini osonlashtirishning imkoni bormi? Ushbu savol bugun, 28 mart kuni Adliya vazirligida bo‘lib o‘tgan media tur davomida jurnalistlar tomonidan yangradi. Adliya vaziri Akbar Toshqulov mazkur savolga javob berar ekan, hozirgi talablar qiyin emasligini aytdi.
“20 ming ovoz to‘plash bizning nazarimizda ko‘p emas. Chunki bu 36 millionlik aholimizning 1 foizini ham tashkil qilmaydi. Shuning uchun bu normal miqdor. Biz bu bo‘yicha boshqa davlat tajribalarini ham o‘rganganmiz, juda keskin farq qilmaydi. Tasavvur qiling har o‘n mingta yoki besh bingta odam partiya ochaversa, nechta partiya bo‘lib ketadi. U partiyalar saylovning varog‘iga ham yetmaydi. Shuning uchun baribir bunday “bar’erlar” bor. Chunki partiya ko‘pchilik aholini manfaatini ifoda qiladigan, ko‘pchilikning siyosiy-huquqiy qarashlarini ifoda qiladigan tashkilot. Shuning uchun butun dunyoda partiya tuzishda son jihatidan cheklovlar bor”, dedi u.
Vazirning aytishicha, O‘zbekistonda partiya ochishga cheklovlar yo‘q. Faqat 8 ta viloyatdan ovoz to‘plash kerak bo‘ladi.
“Bizga kelayotgan murojaatlarni qonuniy tartibda ko‘rib chiqyapmiz. Yaqin o‘rtada bizga partiya ochish bo‘yicha hujjat kelib tushmagan. Agar qonunda belgilangan tartibda talablarga javob bersa yangi partiya tuzilishi mumkin”, deya ta’kidladi Toshqulov.
Shuningdek, u mustaqil partiya tuzishga jamiyatning ham xohishi yo‘qligiga ishora qildi.
“O‘zi jamiyatimizda ham, odamlarning o‘rtasida ham bunaqa [xohish] yo‘qda. 20 ming nafar odamning imzosini birlashtirsin, muammo yo‘q. Faqat imzolar qonuniy bo‘lishi kerak. Marhamat, to‘plasin, olib kelsin qonuniy ko‘rib chiqiladi”, deya o‘z mulohazalarini yakunladi Adliya vaziri.
LiveBarchasi