O‘zbekistonda yangi qo‘mita tashkil etildi
Jamiyat
−
02 aprel 2019
9719Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Veterinariya va chorvachilik sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzolagani haqida xabar bergan edik. Mazkur farmonga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi etib qayta tashkil etilmoqda. Qo‘mitaning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilanmoqda:
• veterinariya, chorvachilik va naslchilik sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish, normativ-huquqiy hujjatlarni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish, ushbu sohada davlat, xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarining o‘zaro hamkorligini muvofiqlashtirish, veterinariya faoliyatini litsenziyalashni amalga oshirish;
• veterinariya sohasi va chorvachilikning barcha tarmoqlarini, shu jumladan, qoramolchilik, qo‘ychilik, qorako‘lchilik, echkichilik, yilqichilik, parrandachilik, baliqchilik, asalarichilik va quyonchilikni rivojlantirish, naslchilik-seleksiya ishlarini muvofiqlashtirish hamda ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha maqsadli davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
• mamlakat hududlarini hayvonlarning yuqumli kasalliklari kirib kelishidan himoya qilishni ta’minlash, amaliyotga hayvonlarni davolashning va profilaktikasining zamonaviy usullarini joriy etish, mahalliy va xorijiy fan yutuqlarini tatbiq etish asosida veterinariya dori vositalarining yangi turlari va shakllarini ishlab chiqarishni tashkil etish;
• epizootik osoyishtalikni ta’minlashda hayvonlarning yuqumli kasalliklarini o‘z vaqtida aniqlash, tashxis qo‘yish va tarqalishining oldini olishga doir profilaktika ishlarining samaradorligini monitoring qilish;
• chorvachilik va naslchilik sohasini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yagona mexanizmlarini amalga oshirish, chorvachilik xo‘jaliklariga ozuqa yetishtirish uchun ajratilgan yer maydonlarida chorva ozuqa ekinlarini joylashtirishni tashkil etish hamda yuqori hosildorlikka erishishni monitoring qilish;
• chorvachilik tarmoqlarida hayvonlarni identifikatsiya qilish, ularni hisobga olish, hisobdan chiqarish va saqlash ishlarini tashkil etish, qishloq xo‘jaligi hayvonlarini zoti bo‘yicha rayonlashtirish;
• veterinariya va naslchilik to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi hamda veterinariya dori vositalari va ozuqabop qo‘shimchalarning sifati va muomalasi yuzasidan davlat nazoratini amalga oshirish;
• veterinariya va naslchilik-seleksiya sohalarida ilmiy, uslubiy va ta’lim salohiyatini har tomonlama rivojlantirish, ilmiy tadqiqotlar yo‘nalishlarini belgilash, fundamental va amaliy tadqiqotlar, innovatsiya ishlanmalari natijalari veterinariya va naslchilik-seleksiya amaliyotiga joriy etilishini muvofiqlashtirish;
• chorvachilik mahsulotlarini xalqaro talablarga muvofiq sertifikatlashtirish va standartlashtirishni ta’minlash, sifat menejmentining zamonaviy usullarini keng joriy etish, veterinariya va chorvachilik sohalariga xorijiy investitsiyalar va grant mablag‘larini jalb qilish;
• soha kadrlarini tizimli tayyorlash, ularning malakasini oshirish va qayta tayyorlashni tashkil etish, rahbar hamda mutaxassislarning ish uslubi va shakllarini takomillashtirish.
• O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisiga:
• zarur hollarda qo‘mita va uning tizimidagi tashkilotlarning barcha tashkiliy tuzilmasiga xodimlarning belgilangan umumiy shtatdagi soni doirasida o‘zgartirishlar kiritish;
• qo‘mitaning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan boshqaruv xodimlarining qo‘shimcha shtat birliklarini joriy etish;
• davlat organlari va boshqa tashkilotlar, ilmiy va ta’lim muassasalari yuqori malakali mutaxassislarini, shuningdek, xalqaro tashkilotlar va ekspertlarni konsultant sifatida jalb etish;
• malakali xorijiy mutaxassislarni ishga qabul qilish va ularga ish haqi miqdori va boshqa to‘lovlarni chet el valyutasida belgilash huquqi beriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining taqdimiga binoan belgilangan tartibda lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisining o‘rinbosarlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi huzuridagi “O‘zbekchorvanasl” agentligi (keyingi o‘rinlarda Agentlik deb yuritiladi) bosh direktori lavozimiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisining o‘rinbosari hisoblanadi.
Agentlik bosh direktorining o‘rinbosarlari O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri tomonidan lavozimiga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
“Qorako‘lchilik” Respublika uyushmasi, “Parrandasanoat” uyushmasi, “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi va “O‘zbekiston asalarichilari” uyushmasining raislari va ularning o‘rinbosarlari muassislarning umumiy yig‘ilishi qarorlari bilan saylanadi va Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisining taqdimiga binoan Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi raisi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi bilan kelishilgan holda lavozimiga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
viloyatlar va Toshkent shahar veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmalarining boshliqlari O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi tomonidan viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining taqdimiga binoan lavozimiga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
tumanlar (shaharlar) veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limlari boshliqlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmalarining boshliqlari tomonidan tuman (shahar) hokimlarining taqdimiga binoan lavozimiga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasining raisi O‘zbekiston Respublikasining Bosh davlat veterinariya inspektori, uning o‘rinbosarlari O‘zbekiston Respublikasining Bosh davlat veterinariya inspektorining o‘rinbosarlari, O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasining Davlat veterinariya nazorati boshqarmasi veterinar mutaxassislari o‘z vakolatlari doirasida davlat veterinariya inspektorlari hisoblanadi.
Davlat chegarasi va transportda davlat veterinariya nazorati boshqarmasi boshlig‘i davlat chegarasi va transportda bosh davlat veterinariya inspektori, uning o‘rinbosarlari esa Davlat chegarasi va transportda bosh davlat veterinariya inspektorining o‘rinbosarlari hisoblanadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmalarining boshliqlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bosh davlat veterinariya inspektorlari, ularning o‘rinbosarlari esa tegishlicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bosh davlat veterinariya inspektorlarining o‘rinbosarlari hisoblanadi.
tumanlar (shaharlar) veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limlarining boshliqlari tegishlicha tumanlar (shaharlar) bosh davlat veterinariya inspektorlari hisoblanadi.
veterinariya uchastkalari va bozorlar veterinariya-sanitariya ekspertiza laboratoriyasining mudirlari tegishlicha uchastka va bozorlarda davlat veterinariya inspektorlari hisoblanadi.
Davlat chegarasi va transportda veterinariya nazorati veterinariya punktlarining (uchastkalarning) boshliqlari va veterinar vrachlari tegishlicha Davlat chegarasi va transportda veterinariya nazorati veterinariya punktlarining (uchastkalarning) davlat veterinariya inspektorlari hisoblanadi.