O‘zbekistonda un narxi Ukrainadagi urush fonida oshyapti – Moliya vazirligi
Jamiyat
−
30 may 2022
20988Ukrainadagi urush va Rossiyaga joriy qilingan sanksiyalar sabab xalqaro maydonda bug‘doy narxining oshishi O‘zbekistonga ham o‘z ta’siri ko‘rsatdi. Bu haqda bugun, 30 may kuni Moliya vazirligi departamenti mudiri To‘lqin Mirzayev oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga bag‘ishlangan matbuot anjumanida so‘z ochdi.
Vazirlik mas’uli un narxi oshganiga munosabat bildirib, buni mamlakat o‘zini don mahsulotlari bilan to‘liq qoplay olmasligi va xalqaro maydondagi vaziyat O‘zbekistonga ham o‘z ta’sirini o‘tkazayotgani bilan bog‘ladi.
“Narxlar nega bunday yuqorilab ketdi, degan o‘rinli savol bo‘ladi. Respublikamizda yetishtiralayotgan bug‘doy ichki iste’molni to‘liq qoplamaydi. Bu bizning tabiiy, iqlimiy sharoitimiz bilan asoslanadi. Rossiya-Ukraina munosabatlarida yuzaga kelgan siyosiy inqiroz tufayli va Rossiyaga nisbatan qo‘llanilgan sanksiyalar tufayli jahon bozorida bug‘doy narxi keskin oshib ketdi. Ayrim joylarda tarixiy maksimumlar yangilandi. Bularning bari bizning bozorimizda ham aks etadi. Chunki biz ham dunyo hamjamiyatining bir bo‘lagimiz. Bu narxlardan temir qobiqqa o‘ralib, saqlanib qololmaymiz”, deydi Mirzayev.
Moliya vazirligi vakilining ta’kidlashicha, O‘zbekistonda bug‘doyning birjada sotilishi narxlarning barqarorlashishiga va kelgusida pasayishiga xizmat qilishi kutilmoqda.
Ma’lumot uchun, Ukrainadagi vaziyat tufayli birdan ikki eng asosiy bug‘doy yetkazib beruvchi xalqaro bozordan uzilib qoldi. Ukrainaning bug‘doy eksporti portlarning qo‘ldan ketishi ortidan to‘xtagan bo‘lsa, Rossiya ichki bozordagi ta’minotni bahona qilib, g‘alla sotishni taqiqladi. Bu ham yetmaganidek, jahon g‘alla bozorining uchinchi asosiy o‘yinchisi Hindiston ham bug‘doy eksportini chekladi.
LiveBarchasi