O‘zbekistonda to‘ylar tartibga solinadi
Jamiyat
−
22 aprel 18495 2 daqiqa
O‘zbekistonda to‘ylarni tartibga solishni nazarda tutuvchi loyiha ishlab chiqiladi. Bu kecha, 21 aprel kuni qabul qilingan “Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini samarali tashkil etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident farmonida belgilangan.
Farmonda qayd etilishicha, joriy yilning avgust oyigacha to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’rakalar va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish bo‘yicha parlament palatalari kengashlarining qo‘shma qarori qabul qilinadi.
Shuningdek, yoshlarda tejamkorlik madaniyatini shakllantirish bo‘yicha yangi mexanizmlar nazarda tutilgan.
Loyihaga mas’ullar etib Oliy Majlis palatalari, Madaniyat vazirligi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita belgilangan.
Ma’lumot uchun, 2019 yilning 14 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashi va Senat Kengashining “To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qo‘shma qarori qabul qilingan. Qaror bilan to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlangan. Unda shuhratparastlik, dabdababozlik va isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik haqida alohida band bor. Shunga qaramasdan, dabdabali to‘y qilish haligacha urfdan qolgani yo‘q va ayrim amaldorlarning o‘zi ham bunda “namuna” bo‘lib kelmoqda.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga 2020 yil 17 martdagi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga asosan kiritilgan 1921-moddasiga ko‘ra, to‘ylar, oilaviy tantanalar, marosim va urf-odatlarni o‘tkazuvchi shaxs tomonidan ushbu tadbirlarni o‘tkazish tartibiga doir talablarga rioya qilmaslik fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari (3,75 million so‘m), mansabdor shaxslar va muassasalar egalariga esa 30 baravari (11,25 million so‘m), takroran buzilganda esa 50 baravari (18,75 million so‘m) miqdorida jarima solishga olib keladi.
Live
Barchasi