O‘zbekistonda turklar qurayotgan binolarning yiqilmasligiga ishonsa bo‘ladimi?

Jamiyat

Shu yil 6 fevral tongida boshlanib, bugungacha Turkiya va dunyoning boshqa qator davlatlarida davom etgan kuchli zilzila oqibatida ko‘plab odamlar halok bo‘lmoqda. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalari orqali e’lon qilinayotgan videolarda ko‘p qavatli baland binolarning birdaniga qo‘lab tushayotgani va vayronalar ostida odamlar qolib ketib, halok bo‘layotgani juda achinarli. Bu esa boshqa mamlakatlar uchun ham muhim signal bo‘lib, sergaklikka chaqiradi. 

Xo‘sh, agar O‘zbekistonda shunday zilzila sodir bo‘lsa, binolar bunga bardosh bera oladimi yoki ular ham Turkiya va Suriyadagi binolar kabi yer bilan bitta bo‘ladimi? Mamlakatda qurilayotgan inshootlar zilzilalarga qay darajada bardoshli?

Mazkur savollarga javob olish maqsadida QALAMPIR.UZ Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligida sohaga oid qator mutaxassislar hamkorligida o‘tkazilgan matbuot anjumanida qatnashdi. 

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Davronjon Odilov yuqoridagi savollarga javob berarkan, Turkiyadagi zilzila oqibatlari vazirlik mutasaddilari tomonidan o‘rganilgani, bundan xulosa chiqarilganini ta’kidladi.

“Turkiyadagi zilzila oqibatlarini o‘rganish natijasida, turkiyalik mutaxassislar, Turkiya qurilish vazirligi mutasaddilari bilan gaplashdim. Hozir zarar ko‘rgan binolar kategoriyalarga ajratilmoqda. Biz uchun ham bu hodisadan juda katta saboq, dars chiqadi. Ya’ni biz bugungacha zilzilalarga bardoshli qurilish materiallarini tadbiq etish, yangi standartlarni kiritishga ilmiy-tekshirish metodologiyasi orqali yondashar edik. Lekin so‘nggi kunlarda sodir bo‘lgan voqealardan katta dars olish kerakligini hayotning o‘zi ko‘rsatmoqda”, deydi vazir o‘rinbosari.

Agar shunday kuchli zilzila O‘zbekistonda kuzatilsa, talafotlarning oldi olinganmi, degan savolga javoban Davronjon Odilov bunday vaziyatda davlat barcha javobgarlikni o‘z zimmasiga olishini ma’lum qildi.

 “Bugungi kunda O‘zbekistonda moliyalashtirish manbasidan qat’i nazar zilzilabardoshlilik bo‘yicha ekspertiza xulosasi majburiy hisoblanadi, davlat buning kafolatini 100 foiz ta’minlab beradi. Davlat binoni qurib, bitirib, foydalanishga topshirilishiga qadar seysmik xavfsizligi bo‘yicha majburiyatni o‘z zimmasiga oladi”, deydi Odilov.

Biroq u bino foydalanishga topshirilgandan keyin uning ekspluatatsiyasiga ham jiddiy e’tibor qaratish kerakligini eslatib o‘tdi. Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirining birincha o‘rinbosarining aytishicha, binoni faqat loyihalashtirishda yoki kurilishida seysmik xavfsizlikka e’tibor qaratish kerak, degan tushuncha yo‘q. Binoning xavfsizligi uning ekspluatatsiyasiga ham bog‘liq. 

“O‘zbekistonda faqat davlat binolari emas, tadbirkorlarning binolari, xususiy binolar bor. Tadbirkorlar bugun binoning ekspluatatsiyasiga bee’tibor bo‘lmasligi kerak. Lekin davlat binolarida har yili zilzilabardoshlilik va yong‘in xavfsizligi bo‘yicha monitoring o‘tkazilib, favqulodda vaziyatlarda bino ichidan odamlarni chiqarib olish bo‘yicha barcha chora-tadbirlar amalga oshirilib kelinadi. Lekin takror aytamanki, bu faqat davlat binolari va ijtimoiy soha muassasalarida”, deydi u.

Muxbir vazir o‘rnibosarining e’tiborini so‘nggi yillarda O‘zbekistonda qurilayotgan ko‘plab binolarda Turkiya kompaniyalarining ulushi katta ekaniga qaratdi. Turkiyaning unchalik mustahkam bo‘lmagan binolari va qurilish sohasidagi amalda o‘zini oqlamagan tajribasi bugun O‘zbekistonda qo‘llanilayotgan bo‘lishi mumkinligidan xavotir bildirdi. Vazir o‘rinbosari bu savolga quyidagicha javob berdi: 

“O‘zbekistonda bino loyihasini turk loyihachisi qiladimi yoki yapon loyihachisimi, ular loyihani tugatgandan keyin birinchi navbatda mahalliy loyiha instituti tarafidan akkreditatsiyadan o‘tkaziladi va O‘zbekiston sharoitiga moslashtiriladi. Shundan so‘ng, Qurilish vazirligi ekspertizasidan o‘tkaziladi. Shuning uchun chet elda binolar yiqildi, endi bizdagi binolar ham yiqiladimi, degan xavotirlaringiz o‘rinsiz. U binolar bilan O‘zbekistondagi binolar o‘rtasida ot bilan tuyachalik farq bor”.

 


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya zilzila

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing