O‘zbekistonda tug‘ilgan qiz UFC'ga o‘tishi mumkin
Sport
−
30 iyun 2023
10111Qozog‘istonlik UFC janchisi Shavkat Rahmonovning singlisi Sora Rahmonova 26 sentyabr kuni tashkilot prezidenti Dana Uaytning “UFC Contender Series” turnirida jang qiladi.
Mazkur musobaqa dunyoning birinchi raqamli MMA promousheni (UFC)ga eng zo‘r jangchilarni saralab berish uchun tashkil etilgan bo‘lib, har bir jang g‘olibi tashkilot bilan shartnoma imzolash imkoniga ega bo‘ladi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 25 yoshli Rahmonovaga 26 sentyabr kuni litvalik Ernesta Karikaite raqiblik qiladi.
Ma’lumot uchun, Sora professional aralash yakkakurashlarda 5 ta jang o‘tkazib, 4 tasida g‘alaba qozongan va bir marta mag‘lubiyatga uchragan.
U so‘nggi jangini Naiza turnirida Valeriya Kariginaga qarshi o‘tkazib, texnik nokaut bilan g‘alabaga erishgan. Jangdan keyin esa ijtimoiy tarmoqlarda Dana Uaytga murojaat qilib, unga UFC'da o‘zini ko‘rsatish imkoniyatini berishni so‘ragan. Shuningdek, Soraning bu qarorini akasi Shavkat ham qo‘llab-quvvatlagan.
Ta’kidlash joizki, aka-singil MMA'chilar aslida Surxondaryo viloyatining Sho‘rchi tumanida tug‘ilgan. Keyinchalik ota-onasi bilan Qozog‘istonga ko‘chib ketib, mamlakat fuqaroligini olgan.