O‘zbekistonda Tadbirkorlik kodeksi ishlab chiqilmoqda

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasining Tadbirkorlik kodeksi loyihasi ishlab chiqildi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.

Loyiha aqilli tartibga solish (smart regulation) konsepsiyasiga muvofiq qonun ijodkorligining zamonaviy uslublaridan hisoblangan “One in two out”, BPR tamoyillari asosida ishlab chiqilmoqda.

Kodeks nima uchun kerak?

Birinchidan, hozirda tadbirkorlik faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlari tarqoq holda va nihoyatda ko‘p miqdorda qabul qilingan. Xususan, tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq 5000 ga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar mavjud.

Hujjatlarning nihoyatda ko‘pligi ular o‘rtasida kolliziyalarni keltirib chiqarishi mumkin, zarur bo‘lgan qonunchilik hujjatini topish hamda amalda qo‘llashda qiyinchiliklarni keltirib chiqarishi tabiiy bu esa tadbirkorlik sub’ektlarining asosli e’tirozlariga sabab bo‘ladi.

“Tadbirkor ishlashi, g‘oyalarini ro‘yobga chiqarishi kerak, u faqat hujjat, katta byurokratiyani ichida ko‘milib ketsa, ishini kim qiladi? Shuning uchun unga qo‘lida bitta kompakt, tushunarli huquqiy me’yorlar to‘plami zarur. Masalan, Yaponiyada tadbirkorning qo‘lida bittagina Savdo kodeksi bo‘ladi, u faqat shunga ko‘ra o‘z ishini olib boradi”, deydi Adliya vaziri Ruslanbek Davletov.

Ikkinchidan, sohani huquqiy tartibga solishda zamonaviy tendensiyalardan kelib chiqib bo‘shliqlarni bartaraf etish zaruriyati mavjud, yangi ijtimoiy munosabatlarni huquqiy jihatdan to‘liq tartibga solish masalasi turibdi. Masalan, “o‘rta biznes” mezonlari, innovatsion tadbirkorlik va elektron tijoratning kirib kelishi (startap-korxonalar, innovatsion klasterlar, texnologik parklar va b.).

Tadbirkorlik kodeksining qabul qilinishi tarqoq holda hamda turli kolliziyalar mavjud bo‘lgan qonunchilik hujjatlarini yagona hujjatga birlashtirish, tadbirkorlik sohasidagi qonunchilik hujjatlarini barqarorlashtirish, davlatning tadbirkorlik sohasiga aralashuvini kamaytirish, shuningdek, tadbirkorlik huquqi sohasida yagona yondashuvni belgilashga xizmat qilishi ta’kidlanmoqda.

Kodeks loyihasi sentyabr—oktyabr oylarida jamoatchilik muhokamasiga taqdim etiladi.


Maqola muallifi

Teglar

kodeks

Baholaganlar

38

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing