O‘zbekistonda so‘nggi 10 yilda zilzilalar oqibatida necha kishi halok bo‘lgan?
Jamiyat
−
25 mart 2023
9349So‘nggi 10 yil mobaynida O‘zbekistonda jami olti marotaba 6-8 balli zilzilalar sodir bo‘lib, 16 kishi halok bo‘lgan. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar, Qurilish vazirliklari, Fanlar akademiyasi Seysmologiya instituti va boshqa mas’ul tashkilotlar vakillari ishtirokidagi matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston geologik joylashuviga ko‘ra, O‘rtayer dengizi-Osiyo seysmik kamarida joylashgan. Shu boisdan, respublika va unga chegaradosh hududlarda tez-tez zilzilalar sodir bo‘lib turishi tabiiy hol sanaladi.
Ta’kidlanishicha, respublikada 1900 yildan shu kunga qadar 60 dan ortiq kuchli va halokatli (magnitudasi 5 dan yuqori bo‘lgan) zilzilalar sodir bo‘lgan.
Oxirgi 10 yil mobaynida respublikada jami olti marotaba 6-8 balli zilzilalar sodir bo‘lgan, oqibatda qurbonlar soni 16 kishini, jabrlanganlar soni 54 kishini tashkil etgan. Shuningdek, 84 mlrd so‘m iqtisodiy zarar yetkazilgan.
Bular:
• Kon zilzilasi – 2011 yil (8 ball),
• Tuyabo‘g‘iz zilzilasi – 2013 yil (7 ball),
• Marjonbulon zilzilasi – 2013 yil (8 ball),
• Kitob va Baxmal zilzilalari – 2016-2017 yillar (7 ball),
• Boysun zilzilasi – 2022 yil (6 ball).
Seysmoprognostik monitoring Respublika markazi tomonidan O‘zbekiston va unga chegaradosh hududlarda 2023 yil 1 yanvardan bugungi kungacha magnitudasi 2,8 dan 6,8 gacha bo‘lgan 250 dan ortiq zilzila qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 21 mart kuni Toshkent vaqti bilan 21:47 da Afg‘onistonda zilzila sodir bo‘ldi. Mazkur zilzila O‘zbekiston hududlarida ham sezilib, 5-6 ballni tashkil qilgan.
Shuningdek, 23 mart kuni soat 1:07 da O‘zbekistonda yana zilzila qayd etildi. FVV Seysmoprognostik monitoring Respublika markazining xabar qilishicha, ushbu zilzila epimarkazi Toshkent shahridan 217 km janubi-sharqda, Tojikistonda bo‘lgan. Toshkentda yer silkinishining ta’sir kuchi 5 ballga teng bo‘lgan edi.
Bundan tashqari, kecha, 24 mart kuni ijtimoiy tarmoqlarda yaqin kunlarda respublikada yana zilzila sodir bo‘lishi haqida xabarlar tarqalgandi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi holatga munosabat bildirib, hozirgi vaqtda dunyoning hech bir davlatida zilzila sodir bo‘ladigan sana va hatto taxminiy vaqtni bashorat qila oladigan texnologiyalar mavjud emasligini bildirgandi.
LiveBarchasi