O‘zbekistonda sug‘oriladigan yerlarning qariyb 53 foizi sho‘rlangani ma’lum bo‘ldi
Jamiyat
−
24 noyabr 2023
5414So‘nggi yillarda olib borilgan tadqiqotlarga ko‘ra, respublikadagi sug‘oriladigan yerlarning qariyb 53 foizi turli darajada sho‘rlangan. Ikki yil oldin bu ko‘rsatkich 45 foiz ekani ma’lum qilingandi. Bu haqda Senatning 47 yalpi majlisida ma’lum qilindi.
Majlisda senatorlar tomonidan “Tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilingan.
"So‘nggi yillarda olib borilgan tadqiqotlarga ko‘ra, e’tibor bering, respublikamizda sug‘oriladigan yerlarining qariyb 53 foizi turli darajada sho‘rlangani, 69 foizga yaqin tuproq ustki qatlamida gumus miqdori bor-yo‘g‘i 0,5-1 foizni tashkil etgani, 600 ming gektar yaylov yerlari turli darajada degradatsiyaga uchraganini ko‘rsatmoqda. Muhokamamizga havola etilgan “Tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish to‘g‘risida”gi Qonun ayni vaqtida ishlab chiqilgan deb hisoblaymiz. Qonunning qabul qilinishi tuproq unumdorligini pasayish jarayonlariga barham berishga huquqiy zamin yaratadi. Shuningdek, tuproq unumdorligining pasayishiga olib keluvchi sabab va omillar aniqlanib, ularning oldini olish bo‘yicha oqilona tadbirlarni amalga oshirish mexanizmlari yaratiladi", degan Senatning agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi raisi Bahodir Tojiyev.
Jumladan, ushbu qonun bilan yer fondining barcha toifalaridagi tuproqning unumdor va tuproq hosil qiluvchi qatlamlari tuproqni muhofaza qilish ob’ekti etib belgilanmoqda. Shuningdek, qonunda tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish sohasidagi davlat nazorati, yer egalarining, yerdan foydalanuvchilarning va yer uchastkalari ijarachilarining huquq va majburiyatlari mustahkamlanmoqda.
Tuproq unumdorligini oshirish va muhofaza qilish, tuproqlarning holatini yaxshilash, unumdorligini saqlash, shuningdek, mas’ul vazirlik va idoralarning vakolatlari, yerlarni rekultivatsiya qilish, tuproq holati va sifatiga ta’sir qiluvchi loyihalar, vositalar va texnologiyalarni davlat ekspertizasidan o‘tkazish masalalari ham hujjatda o‘z aksini topgan.
Bundan tashqari, jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan tuproqqa yetkazilgan zararning o‘rni qoplanishini talab qilish huquqi belgilanyapti. Shaharsozlik faoliyatini, geologik qidiruvni va foydali qazilmalarni qazib olishni, shuningdek qishloq xo‘jaligiga oid bo‘lmagan boshqa faoliyatni amalga oshirish chog‘ida tuproqning unumdor qatlami sidirib olinmagani va saqlanmagani fakti aniqlangan taqdirda, yetkazilgan zararning o‘rni qoplanishi mustahkamlanmoqda.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullangan.
LiveBarchasi