O‘zbekistonda sudlar faoliyatiga aralashganlik uchun jazo kuchaytiriladi
Jamiyat
−
13 iyun 3272 2 daqiqa
O‘zbekistonda Jinoyat kodeksiga kiritilayotgan o‘zgartishlar bilan sud ishlarini hal etishga aralashganlik uchun jinoiy javobgarlik choralari aniqlashtirilmoqda. Bu haqda bugun, 13 iyun kuni Oliy Majlis Senatining 16-yalpi majlisida muhokama qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunida so‘z boradi.
Qayd etilishicha, O‘zbekistonda sud hokimiyati mustaqilligini ta’minlash va fuqarolarning odil sudlovga bo‘lgan ishonchini oshirish borasida tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda. Biroq tahlillarga ko‘ra hamon sudlar faoliyatiga tashqaridan aralashish holatlari kuzatilmoqda. Yangi Konstitutsiyaviy normalarni hayotga tatbiq etish maqsadida ishlab chiqilgan mazkur qonun bilan 2 ta kodeksga o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Jumladan, Jinoyat kodeksiga kiritilayotgan o‘zgartishlar bilan sud ishlarini hal etishga aralashganlik uchun jinoiy javobgarlik choralari aniqlashtirilmoqda. Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda sud binosida tartibni buzish va sudga hurmatsizlik qilish bilan bog‘liq harakatlar uchun ma’muriy javobgarlik choralari belgilanmoqda.
Mazkur qonun avvalroq Senat tomonidan qayta ko‘rib chiqilishi lozim bo‘lgan ayrim masalalar mavjudligi sababli Qonunchilik palatasiga qaytarilgan. Kelishuv komissiyasi doirasida ushbu e’tirozlar ko‘rib chiqilib, qonun takomiliga yetkazilgan. Qonunda faqat eng dolzarb masala – sud mustaqilligini ta’minlovchi moddalar qoldirilgan.
Senatorlar qonunni ma’qullagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq cud apparati xodimlari orasida korrupsiyaning oldini olish maqsadida Oliy sud tarkibida Komplayens nazorati xizmati tashkil etilishi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi