O‘zbekistonda sudyalar palatasi tuziladi
Jamiyat
−
13 noyabr 2019
3071O‘zbekistonda jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarini ko‘rib chiqishning yangicha tartibi o‘rnatiladi. Prezidentning “Nizolarni sudgacha hal etishning samarali mexanizmlarini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.
Hujjatga ko‘ra, jismoniy va yuridik shaxslarning davlat organlari yoki mansabdor shaxslarning g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari (qarorlari) natijasida o‘z huquqlari yoki erkinliklari buzilganligi haqidagi murojaatlari vertikal bo‘ylab davlat organining barcha bo‘g‘inlarida ko‘rib chiqilgandan so‘ng, 2020 yil 1 yanvardan boshlab tashkil etiladigan Nizolarni sudgacha hal qilish apellyatsiya kengashlari tomonidan ko‘rib chiqilishi tartibi o‘rnatiladi.
Qaror bilan O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi va O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining O‘zbekiston Respublikasidagi barcha hakamlik sudyalarining a’zoligiga asoslangan O‘zbekiston hakamlik sudyalari palatasini tashkil etish haqidagi taklifini ma’qullash nazarda tutilgan.
Quyidagilar O‘zbekiston hakamlik sudyalari palatasining asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari hisoblanadi:
• hakamlik sudyalari faoliyatini muvofiqlashtirish hamda ularning kasbiy tayyorgarligi va malaka oshirishini tashkil etish;
• doimiy faoliyat yurituvchi hakamlik sudyalari tomonidan ishlarning ko‘rilishi hamda hakamlik sudlarining davriy hisobdorligini monitoring qilish;
• hakamlik sudyalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini ifodalash hamda himoya qilish, shu jumladan davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari bilan munosabatlarda, shuningdek sudda ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ifodalash hamda himoya qilish;
• hakamlik sudlari faoliyatini tartibga soluvchi qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;
• hakamlik sudyalari tomonidan ko‘rilgan ishlar haqidagi ma’lumotlarni to‘plash, hakamlik sud ishlarini yuritish amaliyotini umumlashtirish;
• hakamlik sud ishlari yuritishni ommalashtirish, xorijiy davlatlar hakamlik sudlari bilan ma’lumotlar almashish, xalqaro hamkorlikni takomillashtirish, ushbu sohada rivojlangan xalqaro tajribani o‘rganish va ularni O‘zbekistonda tadbiq etish borasida ko‘maklashish;
• O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi hamda hakamlik sud ishlarini yuritish bo‘yicha boshqa organlar bilan o‘zaro hamkorlik va ma’lumot almashinuvini yo‘lga qo‘yish;
• hakamlik sudlari faoliyati va hakamlik sud ishlarini yuritishdagi dolzarb masalalar bo‘yicha seminarlar va davra suhbatlari tashkil etish.
LiveBarchasi