O‘zbekistonda sud majlislarini o‘tkazishga ruxsat berildi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda “sariq” va “yashil” hududlarida karantin qoidalariga amal qilgan holda barcha sudlarda sud majlislarini o‘tkazishga ruxsat berildi. Bu haqda Oliy sud Matbuot xizmati xabar bermoqda. 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Rayosatining joriy yil 20 martdagi “O‘zbekiston Respublikasi sudlarida COVID-19 koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq mamlakat sudlarida fuqarolarning shaxsiy qabuli, sud jarayonlari va sayyor sud majlislari vaqtincha to‘xtatilgan edi. 

O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining joriy yil 6 maydagi yig‘ilishi bayoniga muvofiq koronavirus tarqalishi holatining hududlar kesimidagi tahlilidan kelib chiqib, karantin cheklovlari joriy yil 8 mayidan boshlab “qizil”, “sariq” va “yashil” toifaga kiruvchi hududlarga ajratilib, bosqichma bosqich bekor qilib borilishi belgilanganligi munosabati bilan, 2020 yil 12 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Rayosatining “Oliy sud Rayosatining “O‘zbekiston Respublikasi sudlarida COVID-19 koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish to‘g‘risida” 2020 yil 20 martdagi RS-13-20-sonli qaroriga o‘zgartirish  va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qarori qabul qilindi.

Qabul qilingan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga muvofiq “qizil” va “sariq” toifaga kiruvchi hududlardagi sudlarda fuqarolarning shaxsiy qabuli to‘xtatib turiladi hamda fuqarolarga hujjatlarni sudlarga faqat elektron shaklda yoki pochta orqali yuborish tavsiya etiladi. “Yashil” toifaga kiruvchi hududlardagi sudlarda fuqarolar qabuliga ruxsat beriladi.

•    Shuningdek, “qizil” toifaga kiruvchi hududlardagi sudlar tomonidan faqat epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish, mayda bezorilik, ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik, ichki ishlar organlari xodimlarining o‘z xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik ko‘rsatish va boshqa ma’muriy huquqbuzarliklarga doir; 
•    qamoqqa olish ehtiyot chorasini qo‘llash; 
•    qamoqda saqlash muddatini uzaytirish, o‘zgartirish yoki bekor qilish; 
•    shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish; 
•    ma’muriy qamoqqa olish; 
•    shaxsni g‘ayriixtiyoriy tartibda psixiatriya statsionariga yotqizish (statsionarda yotish muddatini uzaytirish); 
•    shaxsni sil kasalligiga qarshi kurashish muassasasiga g‘ayriixtiyoriy tartibda yotqizish (muassasada yotish muddatini uzaytirish); 
•    fuqaroni muomala layoqatini cheklash yoki muomalaga layoqatsiz deb topish to‘g‘risida va boshqa kechiktirib bo‘lmaydigan toifadagi ishlar ko‘rilishi belgilangan. 

Sudlar sud buyrug‘i tartibidagi ishlarni (aliment undirish va boshqalar) ham ko‘rishi mumkin.

“Yashil” va “sariq” toifaga kiruvchi hududlardagi sudlarda barcha ishlarning belgilangan tartibda ko‘rilishiga ruxsat beriladi.

Barcha sudlarda (toifa hududidan qat’i nazar):

•    sudya va mutaxassislar tomonidan ijtimoiy masofani (2 metrni) saqlagan, tibbiy niqob va antiseptik vositalaridan foydalangan holda faoliyat yuritishini ta’minlash;

•    barcha turdagi ommaviy tadbirlar (ma’rifat soatlari, seminarlar, konferensiyalar, davra suhbatlari, o‘quv mashg‘ulotlari va boshqa ommaviy tadbirlar)ni o‘tkazmaslik (sudlar faoliyati bilan bog‘liq videokonferensaloqa rejimida o‘tkaziladigan yig‘ilishlar bundan mustasno);

•    sud binolariga kirish-chiqish joylarini pirometr va antiseptik vositalar bilan ta’minlash, sud muhokamasiga kelgan har bir fuqaroning tana haroratini o‘lchab, niqobsiz va tana harorati 37 °C va undan yuqori bo‘lgan holatda, sud binosiga kiritmaslik kabi majburiy talablarga qat’iy rioya etish belgilangan.

Sud majlisi ishtirokchilari bo‘lmagan shaxslarning sud binolariga kirishi qat’iyan man etiladi.

Bundan tashqari, ko‘rib chiqilish uchun tayinlangan ishlar qoldirilganligi sababli, ularni ko‘rilishga qayta tayinlangan vaqti bo‘yicha sud majlisi ishtirokchilariga alohida xabar qilinadi.


Maqola muallifi

Teglar

Sud

Baholaganlar

45

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing