O‘zbekistonda sirtqi ta’lim tugatiladimi?
Jamiyat
−
09 avgust 2023
40156O‘zbekistonda sirtqi ta’lim shakli bosqichma-bosqich masofiy ta’limga o‘tkaziladi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi departament boshlig‘i Abduvali Xoliqovga tayanib, O‘zA xabar berdi.
Unga ko‘ra, endilikda sirtqi ta’lim faqat qaysidir sohada faoliyat yuritayotgan, lekin oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan shaxslar uchun joriy etiladi.
“Tanqidlarga ko‘ra, sirtqi ta’lim shaklida yiliga atigi ikki oy davom etadigan darslarda talabalar kerakli bilimlarga ega bo‘la olmaydi. Bu kabi e’tirozlar qaysidir ma’noda o‘rinli. Aslida sirtqi ta’lim qaysidir sohada faoliyat yuritayotgan, lekin oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan shaxslar uchun joriy etilishi kerak. Lekin hozirda mamlakatimizdagi ta’lim muassasalarida ta’limning bu yo‘nalishidan barcha birdek foydalanishi mumkin”, deydi Abduvali Xoliqov.
Aytilishicha, 2023-2024 o‘quv yili uchun pedagogik yo‘nalishlar bo‘yicha sirtqi ta’lim shakliga qabul amalga oshirilmagan. Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2022 yil 21 iyundagi “Pedagogik ta’lim sifatini oshirish va pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalari faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida 2023/2024 o‘quv yili qabulidan boshlab pedagogik kadrlar tayyorlovchi muassasalardagi yo‘nalishlar bo‘yicha sirtqi ta’lim shakliga qabul amalga oshirilmasligi belgilab qo‘yilgan.
Qarorga asosan, pedagog kadrlar tayyorlovchi OTM kunduzgi bo‘limda ta’lim olayotgan 2-4-bosqich talabalari uchun haftalik o‘quv mashg‘ulotlari 4+2 tartibida, ya’ni, darslarning 4 kuni auditoriyada, 2 kuni maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida amaliyot o‘tash tartibida olib borilishini ta’minlashi lozim.
Mutaxassisning ta’kidlashicha, kelgusida sirtqi ta’limda ma’lum sohada 3 yildan 5 yilgacha vaqt mobaynida ishlaganlar o‘qishi mumkin.
“Bugungi kunda sirtqi ta’limda bir o‘quv yilida ikki marta dars o‘tiladi. Boshqa sohalarda ham sirtqi ta’lim shakli uchun mehnat staji talab etilishi rejalashtirilgan. Kelgusida sirtqi ta’limda ma’lum sohada 3 yildan 5 yilgacha vaqt mobaynida faoliyat olib borganlar, umuman biror yo‘nalishda ishlab turganlar o‘qishi mumkin”, deydi u.
Shuningdek, ayrim ta’lim muassasalarida masofaviy ta’lim yo‘nalishi ham joriy etilgan. Masofaviy ta’limda talabalarga doimiy ravishda kerakli vazifalar yuklanadi. Sirtqi ta’lim shakli bosqichma-bosqich masofiy ta’limga o‘tkaziladi.
“Masofaviy ta’lim shaklini amaliyotda keng tadbiq etish uchun biz texnik tomondan tayyor bo‘lishimiz kerak. Aytaylik, uzoq hududda yashovchi talabada texnik imkoniyatlar yetarli bo‘lmasa, bu ham o‘qish jarayoniga salbiy ta’sir o‘tkazmasdan qolmaydi. Internetning mavjudligi, tezligi bu borada juda muhim”, deydi Xoliqov.
Xoliqov so‘zlariga ko‘ra, sirtqi ta’lim shakli bugungi kunda eskirgan.
“Sirtqi ta’lim shakli uzoq yillar davomida to‘xtatib qo‘yilgan edi. Besh yil oldin qayta tiklandi. Sirtqi ta’lim shaklini rivojlantirish birmuncha vaqt talab etadigan jarayon. Bugungi kunda ta’limning bu shakli eskirgan tizimga kiradi. Sirtqi ta’lim shaklidan voz kechilishi kerak”, deydi mutaxassis.
LiveBarchasi