O‘zbekistonda saratonni 99 foiz davolovchi dori yaratildi
Salomatlik
−
24 mart 2023
29615O‘zbek olimlari tomonidan onkologik kasalliklarni 99 foizgacha davolash imkonini beruvchi yangi preparat ishlab chiqildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
O‘zbekiston fanlar akademiyasi Yadro fizika instituti direktori, texnika fanlari doktori, professor Ilhom Sodiqovning ma’lum qilishicha, 2022 yilning iyun oyida ro‘yxatdan o‘tkazilib, ishlab chiqarishga tatbiq etilgan yangi radiofarmatsevtik vektorli terapiya vositasi saraton kasalligini davolashda nihoyatda samarador bo‘lgan yangi dori vositasi hisoblanadi.
“Bu dori vositasining bitta dozasi hozirgi kunda AQSHda 70 ming dollar, Yevropa mamlakatlarida 25 ming dollar atrofida sotilyapti. Bizning institutimiz ushbu dorini respublikamizdagi 3 ta onkologik klinikalarga 1,5 AQSH dollari narx bilan yetkazib berishni yo‘lga qo‘ydi”, deydi professor.
Qayd etilishicha, ushbu preparat 2018 yildan boshlab bir nechta chet davlatlarda, har biri o‘zlari yaratgan texnologiya bo‘yicha ishlab chiqarilib, tibbiyotda qo‘llanilib kelinmoqda. O‘zbekistonda yaratilgan yangi texnologiya bo‘yicha mazkur dorini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.
“Hozirgi kunda ishlab chiqarilayotgan “Lyutetsiy-177” nomli izotop dunyodagi boshqa ishlab chiqaruvchilar mahsulotidan 10 barobar toza hamda yuqori sifatli radioizotop hisoblanadi.
Oddiy qilib aytganda, dunyoda bor dori vositasini takomillashtirib, o‘zimiz yaratgan texnologiya bo‘yicha unga nisbatan sifatli va arzon mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydik”, deydi Ilhom Sodiqov.
Uning qayd etishicha, dori tarkibi “Lyutetsiy-177” radioizotopi va unga biriktirilgan prostata spetsifik membranali “antigen-617” degan oqsil moddasidan iborat. Ushbu oqsil moddasi “Lyutetsiy-177” radioizotopini organizmning saraton metastazalari bo‘lgan joylariga yetkazib beruvchi vosita vazifasini bajaradi. “Lyutetsiy-177” radioaktiv izotopi saraton o‘smalari ichiga kirib, o‘zining radioaktiv nurlari bilan ularni kuydiradi. Bu nurlarning o‘tish masofasi 1-2 millimetrni tashkil qilgani sababli ular o‘smani ichidan yemirib, atrofidagi sog‘lom to‘qimalarga zararli ta’sir ko‘rsatmaydi. Bu bilan o‘smalarni operatsiyasiz davolash imkoni paydo bo‘ladi.
Shuningdek, professor yangi preparatdan foydalanilgandan so‘ng natijalar 99 foizgacha qayd etilayotganini aytib o‘tgan.
“Hozirgi kunda bu dori 4-bosqichdagi saraton kasalligining 97-99 foizgacha tuzalishini ta’minlayapti. Jahondagi tibbiyotchilar revolyutsion dorilar qatoriga kiruvchi bu preparatga “fantastik natija”, deb baho berishyapti.
Bu dori vositasi institutning sho‘’ba korxonasi bo‘lgan “Radiopreparat” davlat korxonasi va Radiokimyo ilmiy laboratoriyasi olimlari tomonidan olib borilgan tadqiqotlar mahsuli hisoblanadi”, deydi u.
Eslatib o‘tamiz, Germaniyaning Konstans universiteti tadqiqotchilari saraton hujayralari tarqalishiga samarali qarshilik ko‘rsatadigan moddani topishga muvaffaq bo‘lgan edi.
LiveBarchasi