O‘zbekistonda san’atkorlar har bir to‘y yoki konsert uchun soliq to‘lashi mumkin
Jamiyat
−
27 mart 4248 3 daqiqa
Endi O‘zbekistonda san’atkor va boshlovchilar har bir to‘y yoki konsert uchun soliq to‘lashi mumkin. Bu haqda Prezidentning kecha, 26 mart kuni Adliya vazirligi tomonidan e’lon qilingan “Konsert-tomosha faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni soliqqa tortish va hisobini yuritish tizimini soddalashtirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasida keltirilgan.
Unga ko‘ra, 2026 yil 1 sentyabrdan boshlab ijrochilar va ijodiy jamoalarning ijodiy faoliyati bilan bog‘liq barcha xizmatlari soliq organlarining “Soliq” mobil ilovasida ro‘yxatga olinadi.
Ijrochilar 2026 yil 1 sentyabrdan 2029 yil 1 yanvarga qadar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini to‘lashni “bir xizmat – bir to‘lov” tamoyili asosida ilovaga muvofiq qat’iy miqdorlarda amalga oshiradi. Mehnat shartnomasi asosida mehnat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq ijodiy faoliyat olib borayotgan ijrochilar bundan mustasno.
“Bir xizmat – bir to‘lov” tamoyili doirasidagi soliq miqdori san’atkorning reytingi va xizmat ko‘rsatilgan joyga bog‘liq bo‘lib, bazaviy hisoblash miqdori bilan o‘lchanadi:

Shuningdek, 2026 yil 1 sentyabrdan boshlab konsert-tomosha faoliyatini amalga oshiruvchilar uchun yakka tartibdagi tadbirkorlar sifatida aylanmadan olinadigan soliqni to‘lash tartibi tatbiq etilmaydi. Ijrochilar tomonidan mobil ilovaga tegishli ma’lumotlar kiritilmasligi va belgilangan miqdordagi to‘lov amalga oshirilmasligi litsenziyani qo‘pol ravishda buzish deb hisoblanadi.
Tegishli ma’lumotlar “Soliq” ilovasiga kiritilmagan va belgilangan to‘lov amalga oshirilmagan taqdirda:
- bu – soliq bazasini yashirish (kamaytirib ko‘rsatish) deb e’tirof etiladi hamda shartnomalar o‘rtacha qiymatining 20 foizi miqdorida, lekin 20 BHM (hozirda 8 mln 240 ming so‘m)dan kam bo‘lmagan summada jarima qo‘llaniladi.
- ushbu huquqbuzarlik haqida xabar bergan jismoniy shaxslarga, ushbu ma’lumot asosida o‘tkazilgan tekshirish yakuniga ko‘ra huquqbuzardan undirilgan jarima summasi hisobidan qo‘llanilgan jarimaning 20 foizi miqdorida mukofot to‘lanadi.
Madaniyat vazirligining hududiy bo‘limlari mahalla soliq inspektori bilan birgalikda o‘ziga biriktirilgan hududda joylashgan to‘y-marosimlar o‘tkaziladigan joylar, restoranlar, konsert zallari, stadionlar, klublar, diskotekalar, kafe-barlarda, tantanalar zallari hamda hudud bo‘yicha ijrochilarning qonuniy asosda ijodiy xizmat ko‘rsatayotganini muntazam nazorat va monitoring olib boradi.
2029 yil 1 yanvardan boshlab:
- ijrochilarning ijodiy faoliyati bilan bog‘liq xizmatlar ko‘rsatishdan olingan daromadlariga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i stavkasi shartnoma qiymatidan kelib chiqqan holda, biroq qat’iy miqdorlardan kam bo‘lmagan holda amalga oshiriladi;
- konsert-tomosha xizmatlarini ko‘rsatish aholi va barcha sub’ektlar, ijrochilar va ijodiy jamoalar tomonidan “soliq” mobil ilovasida xizmat ko‘rsatish joyi, sanasi, qiymati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tizimda aks ettirish bilan bir qatorda ma’suliyatni o‘z zimmasiga olgan holda ommaviy oferta tarzidagi shartnomalarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibida amalga oshiriladi;
- jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i va ijtimoiy soliqni hisoblash, ushlab qolish, byudjetga o‘tkazish, hisobotlarni taqdim etish soliq organi tomonidan avtomatik tarzda qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Bunda soliq organlari soliq hisobotini taqdim etish muddatidan kechiktirmay soliq summasini mobil ilovaga biriktirilgan bank kartalaridan avtomatik tarzda undirib oladi, yetarli mablag‘ mavjud bo‘lmagan qismi bo‘yicha esa hisobot kuni to‘lov xabarnomasi yuboriladi;
- yillik umumiy daromadning 30 foizi miqdoridagi xarajatlar tasdiqlovchi hujjatlar talab etilmagan holda chegiriladi;
- tasdiqlangan xarajatlar summasi umumiy daromadning 30 foizidan oshgan taqdirda qo‘shimcha ravishda ushbu daromadning 10 foizi miqdori chegiriladi;
- litsenziya olish uchun undirilgan davlat boji va ijtimoiy soliq summalari xarajat sifatida qayd etiladi hamda daromadlar tarkibidan chegiriladi.
Qaror loyihasi bo‘yicha jamoatchilik muhokamasi joriy yil 10 aprelgacha davom etadi.
Live
Barchasi