O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tmagan elektron tijorat platformalari faoliyatiga ruxsat berilmaydi
Jamiyat
−
04 yanvar
35432025 yil 1 iyuldan boshlab elektron tijorat operatorlari sifatida faqat O‘zbekiston rezidentlari – davlat ro‘yxatidan o‘tgan yuridik shaxslar faoliyat yuritishi mumkin. Bu haqda 2024 yilning 24 dekabr kuni chiqarilgan Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida elektron tijorat sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida keltirilgan.
Bunda elektron shartnoma yoki bitimlar orqali hech qanday majburiyatlar olmaydigan, foydalanuvchilarga o‘zining axborot resursi yoki platformasi orqali tovar (ish, xizmat) hamda raqamli mahsulotlar haqida ma’lumot yoki axborot berish bilan cheklanadigan yuridik shaxs va (yoki) YATT elektron tijorat operatori hisoblanmaydi.
Qarorga ko‘ra, 1 iyuldan elektron tijorat sub’ektlarining faoliyatini xabardor qilish tartibida amalga oshirish uchun quyidagi talablar va shartlarga rioya qilinishi lozim:
-
O‘zbekiston Respublikasi yuridik shaxsi shaklida davlat ro‘yxatidan o‘tish;
-
O‘zbekiston Respublikasining elektron tijorat, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, mualliflik va turdosh huquqlar, iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish, reklama sohasidagi qonunchilik va boshqa qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etish;
-
vakolatli organning so‘roviga muvofiq elektron tijorat sub’ektlarining faoliyatiga oid ma’lumotlarni bepul taqdim etish;
-
O‘zbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalari talablariga rioya qilish;
-
elektron tijorat ishtirokchilariga xizmatlar ko‘rsatish uchun zarur darajada ishlashi ta’minlangan axborot tizimining mavjudligi;
-
faoliyat boshlanishi haqidagi xabarnoma ma’lumotlarining haqqoniyligini ta’minlash;
-
xodimlar bilan yangi mehnat shartnomalari tuzish, shartnomalarga o‘zgartirishlar kiritish va ularni bekor qilish holatlarini, shuningdek, amaldagi mehnat shartnomalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksida majburiy ro‘yxatga olish – agar xodimlar uchun tegishli faoliyatni (harakatlarni) amalga oshirish uchun bunday talab mavjud bo‘lsa;
-
xabardor qiluvchining nomi, joylashgan joyi (yashash manzili) o‘zgargani yoki filial va vakolatxona ochilgani to‘g‘risida ro‘yxatga olingandan keyin o‘n ish kuni ichida vakolatli organni xabardor qilish;
-
xabardor qilish tartibiga muvofiq amalga oshiriladigan faoliyat (harakat) turining uziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda boshqa talablar va shartlar.
Soliq qo‘mitasi esa agentlik bilan birgalikda uch oy muddatda elektron shaklda xizmatlar ko‘rsatayotgan, xizmatlarni realizatsiya qilish joyi O‘zbekiston Respublikasi bo‘lgan xorijiy yuridik shaxslar tomonidan soliq to‘lovlari va qamrovining to‘liqligini o‘rganishni tashkil etish hamda natijalariga ko‘ra ushbu sohada samarali nazoratni ta’minlaydigan mexanizmlarni joriy etish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritishi belgilangan.
LiveBarchasi