Chek so‘ragani uchun kaltak yegan bola Qudbiyev bilan uchrashdi (video)
Jamiyat
−
22 iyul
32417Avvalroq, Sirdaryoda sotuvchi QR-kodli chek so‘ragan 13 yoshli bolaga tarsaki tushirgani haqida xabar berilgandi. Bola O‘zbekiston Soliq qo‘mitasiga taklif qilindi. Voqea tasvirlangan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.
Videoda Soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Qudbiyev 13 yoshli Shahbozning harakatidan so‘ng uning oldida “butun soliq markaziy apparati tikka tursa ham arzishi”ni aytganini ko‘rish mumkin.
Qo‘mita raisi bolaning ota-onasiga minnatdorlik bildirib, do‘konda chek so‘raganida hammasini to‘g‘ri qilganini ta’kidladi.
“Ko‘pchilik chekni talab qilishni mayda-chuyda ish deydi. Yo‘q, bu mayda-chuyda narsa emas. Sening bitta chekingni orqasidan – o‘sha so‘raganingni orqasidan – Sirdaryodagi bog‘cha bor, maktab bor, yo‘llar bor, oylik bor, byudjet bor. Buning orqasida juda katta narsalar turibdi. Shuning uchun men sendan minnatdorman, Shahboz senga katta rahmat”, deydi Qudbiyev.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq bolaga tarsaki tushirgan sotuvchiga ma’muriy javobgarlikka oid ish qo‘zg‘atilgani xabar qilingandi.
LiveBarchasi