To‘lov topshiriqnomalarini yuborishda nega muammo yuzaga kelyapti? Izoh berildi
Jamiyat
−
19 Sentabr
3499Ijtimoiy tarmoqlarda to‘lov topshiriqnomalarini yuborishda muammolar bo‘layotgani haqidagi xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Soliq qo‘mitasi izoh berdi.
Ma’lum qilinishicha, ayrim banklar joriy yilning sentyabr oyidan boshlab ogohlantirmasdan yangi axborot tizimlariga o‘tgan va bu haqda qo‘mitani xabardor qilmagan. Bank dasturchilari yangi tizimga o‘zgartirishlar kiritayotgani sababli ba’zi to‘lov topshiriqnomalari bajarilmagan.
Jumladan, shu oy boshidan “Tengebank” 2439 ta topshiriqnomadan 413 tasini va “Kapitalbank” 4287 ta topshiriqnomadan 740 tasini bajarmasdan qaytargan.
Soliq qo‘mitasi huzuridagi Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo soliq inspeksiyasi tomonidan majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarmayotgan har ikkala bank kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etish va buning uchun Soliq kodeksida belgilangan javobgarlik choralari to‘g‘risida rasman ogohlantirilgan.
Ma’lumot uchun, to‘lov topshiriqnomalari mijozning unga xizmat ko‘rsatuvchi bankka ma’lum bir summani o‘z hisobidan boshqa hisobraqamga o‘tkazish to‘g‘risidagi topshirig‘i. Bu yetkazib beruvchilar va xaridorlar, soliq rezidentlari va soliq organlari (soliqlar, yig‘imlar, jarimalar va boshqalar), ish beruvchilar va xodimlar (ish haqi, bonuslar) o‘rtasida operatsiyalarni amalga oshirish uchun zarur.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Soliq kodeksiga fiskal huquqbuzarliklar sodir etganlik uchun qo‘llaniladigan moliyaviy sanksiyalar kamaytirilishini nazarda tutuvchi qo‘shimchalar kiritilayotgani haqida xabar berilgandi. Kiritilayotgan o‘zgartirishga ko‘ra, soliq to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish bilan bog‘liq javobgarlik yanada liberallashtirilmoqda.
LiveBarchasi